AsosiyJamiyat

​“O`ztemiryo`lyo`lovchi” ma`muriyati Facebook foydalanuvchisining e`tirozlarini o`rganib chiqdi

'​“O`ztemiryo`lyo`lovchi” ma`muriyati Facebook foydalanuvchisining e`tirozlarini o`rganib chiqdi'ning rasmi

Facebook ijtimoiy tarmog`i foydalanuvchisi Narimmat Yo`ldoshev o`z sahifasida joriy yilning 24-25 iyun kunlari Toshkent-Urganch yo`nalishida chipta sotib olish bo`yicha bildirgan e`tiroz va mulohazalarini “O`ztemiryo`lyo`lovchi” aksiyadorlik jamiyati ma`muriyati atroflicha o`rganib chiqib, quyidagilarni ma`lum qilishni lozim topdi.

Ma`lumki, 2017 yil 26 iyun kuni mamlakatimizda “Ramazon hayiti kuni” deb e`lon qilinib, dam olish kuni etib belgilandi. Shu munosabat bilan bayram oldi viloyatga ketuvchi yo`lovchilar soni bir muncha ortdi. Natijada, 24-25 iyun kunlari “Toshkent-Urganch” yo`nalishida harakatlanadigan poezdlarning chiptalari xarakat kunidan oldin to`liq sotib tugatildi.

Shuningdek, bayram munosabati bilan “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 27 iyun kuni viloyatlardan Toshkent shahriga keluvchi yo`lovchilarni joy bilan ta`minlash maqsadida 26 iyun kuni jo`naydigan 58-sonli “Toshkent-Shovot” poezdiga qo`shimcha 6 ta “plaskart” vagonlari ulandi. Mazkur vagonlar 21-23 iyun kunlari yo`nalish harakati tarkibiga kiritildi.

Aniqlanishicha, 26 iyun kuni jo`naydigan 58-sonli “Toshkent-Shovot” poezdining qo`shimcha ulangan 6 ta vagoniga umumiy 31 ta chipta sotilib, shundan 21 ta chipta “Toshkent-Navoiy-Uchquduq-Urganch” yo`nalishlari bo`yicha, 5 ta chipta “Jizzax-Urganch” yo`nalishi bo`yicha va 5 ta chipta “Samarqand-Urganch” yo`nalishi bo`yicha rasmiylashtirilgan.

Facebook ijtimoiy tarmog`i foydalanuvchisi Narimmat Yo`ldoshev postida keltirilgan chipta sotuvchining muomilasi va navbatchining mas`uliyatsizligi bo`yicha bildirilgan fikrlar ham chiptaxonalarda o`rnatilgan video kameralar orqali o`rganilib, tahlil qilindi. Holat postda keltirilgan fikrlar kabi o`ta keskin bo`lmasada, xodimlarga nisbatan qat`iy intizomiy choralar ko`rildi.

Hozirgi kunda aholiga xizmat ko`rsatish madaniyati va sifatini oshirish, ishlarni yanada takomillashtirish, yo`lovchilarning taklif va mulohazalarini o`rganish maqsadida “O`ztemiryo`lyo`lovchi” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktorining virtual qabulxonasi faoliyat yuritmoqda. Hurmatli yo`lovchilar barcha murojatlaringizni uzrailpass.uz veb-sayti orqali virtual qabulxonaga yo`llashingiz mumkin, deb yozadi “O`ztemiryo`lyo`lovchi” AJ ma`muriyati.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar