AsosiyShou-biznes

​“Maftuningman-2” filmining ilk tizeri e`lon qilindi (Video)

'​“Maftuningman-2” filmining ilk tizeri e`lon qilindi (Video)'ning rasmi

Go`zal va jannatmakon O`zbekiston haqidagi chet el mamlakatlari tasavvurini yangilash, yurtimizning bor chiroyini dunyoga ko`rsatish va shu orqali xorijlik sayyohlarni vatanimizga chorlash maqsadida “Dono Productions” kinokompaniyasi ishchi nomi “Maftuningman-2” bo`lgan yirik kinoloyihaga qo`l urilgani haqida avvalroq xabar bergandik.

Film “Sevginator”, “O`zimdan o`zimgacha”, “Dada” kabi o`nlab muvaffaqiyatli filmlar rejissyori Abduvohid G`aniev tomonidan suratga olinmoqda. Yangi film o`zbek kinosining durdonalaridan biri bo`lgan “Maftuningman” (1958y.)ning rimeyki yoki davomi emas, balki O`zbekiston bo`ylab iqtidorlarni qidirib topishga yo`naltirilgan g`oyani o`zida mujassam qilgan.

Film syujetiga ko`ra fransiyalik yosh rejissyor Fransua O`zbekistondagi hamkasbi taklifi bilan yurtimizga tashrif buyuradi. Yosh rejissyor Murod ayni mehmon kelishi arafasida yangi film uchun buyurtma olgan va butun O`zbekiston bo`ylab iste`dodlarni qidirishga otlangan bo`ladi. Vaqt tig`iz bo`lgani uchun Murod mehmonni, ya`ni Fransuani kasting o`tkazish uchun barcha viloyatlar bo`ylab xizmat safariga olib ketadi.

Ayni shu safar davomida O`zbekistonning bor go`zalliklari fransuz rejissyori ko`zi bilan namoyon bo`ladi. Azaliy qadriyatlar, urf-odatlar, o`zbekistonliklarning turmush tarzi sodda va tinib-tinchimas Fransuaning qiziqish ob`ektiga aylanadi. Boysun, Buxoro, Samarqand, Xiva, Farg`ona vodiysi – xullas yurtimizning barcha diqqatga sazovor turistik ob`ektlari bo`ylab safar davom etadi. Filmda nafaqat tarixiy obidalar, balki madaniy meros – buxorocha, xorazmcha folklor, farg`onacha askiya, raqslar judayam qiziqarli uslubda ochib beriladi.

Xizmat safari davomida ular respublikaning to`rt burchagidan 4 nafar iste`dodlarni topishadi. Musiqali komediya janrida olinadigan filmda 4 ta qo`shiq (har bir iqtidor ijrosida), 1 ta umumiy qo`shiq (O`zbekiston haqida, o`zbek, rus va ingliz tilida, 4 kishi tomonidan) ijro etiladi. Bundan tashqari 10 ga yaqin folklor ijrolari bor.

Filmning tasvirga olish ishlari 2017 yil may-iyun oylarida O`zbekiston Respublikasi viloyatlari bo`ylab bo`lib o`tdi. Ayni paytda Toshkent shahrida tasvirga olish ishlarining yakuniy bosqichi bo`lib o`tmoqda. E`tiboringizga filmning ilk tizerini havola qilamiz


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar