AsosiyShou-biznes

​MUNISA RIZAEVA RAShID XOLIQOV BILAN KUYLANIShI KERAK BO`LGAN QO`ShIG`INI O`ZI KUYLAGANI VA ARMONI HAQIDA(EKSKLYuZIV)

'​MUNISA RIZAEVA RAShID XOLIQOV BILAN KUYLANIShI KERAK BO`LGAN QO`ShIG`INI O`ZI KUYLAGANI VA ARMONI HAQIDA(EKSKLYuZIV)'ning rasmi

Munisa Rizaeva bilan suhbatlashganda uning shartaki, haqiqatparvar, o`z ishini sevuvchi va san`at olamiga telbalarcha oshiqligiga amin bo`lasiz. Kuylagan har bir qo`shig`iga yuragining bir parchasini qo`shadigan Munisa bilan bugun san`at va ijod haqida suhbatlashdik.

— Munisa, tanqidlarni mardlarcha qabul qila olishingizni bilamiz. Lekin qanchalik beparvo bo`lmang, ijodkorsiz, ular qalbingizga og`ir botsa kerak?

— Agar haqiqiy kamchiligimni aytib, to`g`ri yo`lga boshlash niyatda gapirishsa, aksincha ularning fikrlaridan xursand bo`laman. Chunki jurnalistlar, muxlislar san`atkorni yomon yo`lga boshlamaydi. Lekin afsuski, bugun bo`lar- bo`lmas gaplarni dastak qilib, xonanda yoki aktyorni jig`ibiyron bo`lishini tomosha qilish “urf” bo`lib borayotgandek...


—Yaqinda “Xafa-xafa” qo`shig`ingizga ishlangan klipning premerasi bo`ldi...

— “Mango” guruhi xonandalaridan biri Hamdam menga bu qo`shiqni olib kelganda bir marta tinglashim bilan ma`qul bo`lgan. Odatda tayyor qo`shiqlarga o`zimning stilimga moslashtirardim. Bu gal unday bo`lmadi. Xullas, tayyor qo`shiqni taqdim etganimizda muxlislar ham yaxshi kutib olishdi. Shundan keyin klip jarayonlarini boshlab yubordik. Klip g`oyasi va ssenariysi Davron Kabulovga tegishli. Davron bilan anchadan beri do`stmiz, u menga voqeani aytib berganda, u tasavvurimda paydo bo`ldi. O`zim istagandek natija bergan ijodiy ishimdan bugun juda mamnunman. Ha darvoqe, yana bir gap, aslida, bu qo`shiqni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rashid Xolikov bilan duet tarzida kuylamoqchi edik. Biroq ma`lum bir sabablarga ko`ra ishimiz cho`zilib ketdi. Keyin yakkaxon kuylab qo`ya qoldim. Lekin kelajakda Rashid aka bilan albatta hamkorlik qilamiz.

— Qo`shiq so`zlaridagi “Ichib olganmisiz, nima balo? Gapingiz eshitilmayapti” degan gaplar o`zingizga biroz qo`pol tuyilmadimi?

— Yo`q, asl. Chunki meni muxlislarim ana shunday noodatiyligim bilan qabul qilishgan. Shuning uchun qo`shiqning bunday kutilmagan jihatlari ularga erish tuyilmasligiga ishonaman. Shuningdek, men qo`shiqda ham, klipda ham bugun yosh oilalarda uchrab turadigan ba`zi muammolarni komedik jihatdan ko`rsatib berishga harakat qildim.


— So`nggi paytlarda kliplarga juda katta e`tibor qaratayotganingiz sezilyapti...

— To`g`ri, chunki bu professional sifatidagi vazifalarimdan biri. Kuylagan qo`shiqlarimni to`laligicha xalqqa taqdim etadigan — klipga e`tiborsiz bo`lsam, ishda yutqazishim aniq.

— Intervyularingizning birida “Yigitali Mamajonov bilan partnerlikda rol o`ynash orzuim edi, bu amalga oshdi” degan ekansiz...

— Haqiqatdan ham shunday. Chunki Yigitali yosh aktyorlar orasida eng mahoratlilaridan biri. Uni inson sifatida ham, ijodkor sifatida ham juda hurmat qilaman.


— Oilada ko`proq o`g`il bolaga yuklatiladigan mas`uliyatni siz zimmangizga olgansiz...

— To`g`ri,ota-onam uchun qiz emas, o`g`ilman, desam ham bo`ladi (kuladi). Tan olib aytamanki, bu menga yoqadi. Chunki otam va onam o`g`lim yo`q deb o`ksinishlariga hojat qolmaydi. Nima muammolari bo`lsa, o`zim hal qilib berishga tayyorman.

— Ammo nima bo`lganda ham qiz bolaning ko`ngli nozik bo`ladi. Hayot tashvishlaridan charchagan paytlaringizda vaziyatdan qanday chiqasiz?

— Charchasam ham lekin farzand sifatida oilam uchun har qanday ishga tayyorman. Vaqti-vaqti bilan horg`inlik sezganimda, his-hayajonga berilmayman, shunda hammasi o`tib ketadi.

— Bolalikdan to`kin hayotda yashab o`rgangan insonsiz, lekin bir kam dunyo deyishadi. Amalga oshmagan qanday orzularingiz bor?

— (O`ylanib) Shaxsiy hayotda hali baxtimni uchratmadim. Lekin oq kuylak kiyib kelin bo`lgim va ko`p farzandlarim bo`lishni istayman...


Blis savollar:

— Shou biznesda hamma narsani pul hal qiladi(mi?)

— Yo`q. Mashhur bo`laman deb ijodiga katta miqdorda pul tikkan, lekin natijaga erisholmaganlarning ko`pini ko`rganman.

— Chet elga borganingizda birinchi qiladigan ishingiz bu...

— Uxlash. Chunki kecha va kunduzgi rejimni to`g`rilab olish uchun to`yib uxlashim kerak.

— O`zbekistonga kelganingizda-chi?

— Charchaganimga qaramay, o`sha zahoti ko`chaga chiqib ketaman. Vatan sog`inchini shunday qondirsam kerak...

— Tashqi ko`rinishingizda yana nimalarni o`zgartirgan bo`lardingiz?

— Endi o`zgarishga hojat yo`q. O`zim istagandek tashqi ko`rinishga ega bo`ldim.

Aliya SULAYMANOVA

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar