O`zbekiston U-22 terma jamoasi BAAning Al Ayn shahrida start olgan U-23 OCh saralash turnirini Livan ustidan qozonilgan g`alaba bilan boshladi. Bu haqda O`FF matbuot xizmati xabar bermoqda.
15 iyul kuni BAAning Al Ayn shahrida kelasi yili Xitoyda bo`lib o`tadigan U-23 Osiyo chempionati saralashi D guruhi uchrashuvlari start oldi. Dastlabki turning ilk uchrashuvida saralash mezboni BAA yoshlar terma jamoasi Nepalni yirik 5:0 hisobida mag`lub etdi. Turning ikkinchi uchrashuvida O`zbekiston yoshlar terma jamoasi Livanga qarshi maydonga tushdi.
Uchrashuvning birinchi taymidayoq Ravshan Haydarov jamoasi raqib darvozasiga uchta gol urdi. Dastlab, raqib himoyachisi Faysal Hamis o`z darvozasiga to`p kiritgan bo`lsa, Bobur Abduholiqov Livan darvozasini yana ikki bor ishg`ol etdi. Ikkinchi taymda Livan yoshlar terma jamoasi bitta javob to`pini kiritdi va uchrashuv O`zbekiston yoshlar terma jamoasining 3:1 hisobidagi g`alabasi bilan yakunlandi.
Ravshan Haydarov bosh murabbiyligidagi O`zbekiston U-22 yoshlar terma jamoasi ikkinchi turda 17 iyul kuni Nepal yoshlariga qarshi maydonga tushsa, Livan yoshlari BAA yoshlariga qarshi bahs olib boradi.
U-23 yoshlar o`rtasidagi Osiyo Chempionati saralashi
"D" guruhi, 1-tur
Al Ayn, BAA
"Tanhun bin Muhammad" stadioni
O`zbekiston U-22 - Livan U-22 3:1
Gollar: Halil Hamis (20, avtogol), Bobur Abduholiqov (30, 39) - Hasan Hammud (58).
O`zbekiston U-22: Dilshod Hamroev, Islomjon Qobilov, Doston Tursunov, Akrom Komilov, Abbos Otaxonov, Odil Hamrobekov (68, Abdujamol Isroilov), Javohir Siddiqov, Azizjon G`aniev, Bobur Abduholiqov (78, Doniyor Narzullaev), Jasur Yaxshiboev (89, Xurshid G`iyosov), Zabihillo O`rinboev.
№ | Jamoalar | O` | G` | D | M | T/N | O |
1. | BAA | 1 | 1 | 0 | 0 | 5-0 | 3 |
2. | O`zbekiston | 1 | 1 | 0 | 0 | 3-1 | 3 |
3. | Livan | 1 | 0 | 0 | 1 | 1-3 | 0 |
4. | Nepal | 1 | 0 | 0 | 1 | 0-5 | 0 |
Ikkala terma jamoa bosh murabbiylarining uchrashuvdan so`nggi fikrlari:
Ravshan Haydarov, O`zbekiston U-22 terma jamoasi bosh murabbiyi: "Bugungi o`yin uchun futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Futbolchilar biroz noqulay sharoitlarga qaramay haqiqiy shijoat va matonat ko`rsatishdi. Bugun ikki hil taymlarga guvoh bo`ldik. Dastlabki bo`limda biz yaxshi o`ynadik, ikkinchi bo`limda esa, biroz e`tiborni qochirdik va natijada gol o`tkazib yubordik. Raqibni qarshi hujumda jazolamoqchi edik, ammo, buni uddasidan chiqa olmadik. Yaxshi vaziyatlar yaratdik, ammo, ulardan foydalana olmadik. Biz uchun guruhdagi har bir uchrashuv muhim. Nepalga qarshi o`yinga ham, BAAga qarshi ham jiddiy tayyorgarlik ko`ramiz".
Kurchich Milich, Livan yoshlar terma jamoasi murabbiyi: "Biz ushbu turnirga juda qisqa muddat davomida tayyorlandik. Ammo, shunday bo`lsa ham, harakat qildik. Birinchi taymda futbolchilarni tanimadim. Ular raqibdan qo`rqib o`ynashgandek taassurot qoldirdi. O`zbekiston terma jamoasini g`alaba bilan tabriklayman. Ular juda kuchli jamoa va buni bilgan holda tayyogarlik ko`rgan edik. Keyingi raqibimiz BAA va ular ham xuddi O`zbekiston singari saviyadagi jamoa. Biz xatolardan to`g`ri xulosa chiqarib, keyingi o`yinga yaxshiroq tayyorgarlik ko`rishni istaymiz. Umid qilamanki, keyingi o`yinda eng yaxshi o`yinimizni ko`rsatamiz".