Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qarorda aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning taqchilligi vujudga kelishiga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan ushbu qarorga muvofiq 2017 yil 1 avgustdan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish faqatgina “O`zmedeksport” respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu korxonaga ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini joriy yilning ikkinchi yarmida qo`shimcha ehtiyojdan kelib chiqib etkazib berilishini ta`minlash topshirildi.
Bundan tashqari, tibbiyot mahsulotlarini sertifikatlash sifatini yanada oshirish maqsadida ushbu faoliyatning faqatgina davlat sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Dorixonalar faoliyatini tashkil etish bo`yicha yangidan joriy etilgan talablarga asosan ularning dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish bo`yicha amaldagi lisenziyalari 2018 yil 1 yanvarga qadar qayta rasmiylashtirilishi shartligi belgilandi. Bunda qayta rasmiylashtirish yangi lisenziyalovchi organ – Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu maqsadlarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog`liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmasida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida lisenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish sho``balari tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro`yxatini qayta ko`rib chiqish, natijasi bo`yicha uni maqbullashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi to`g`risidagi nizomni ishlab chiqish;
Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro`yxatiga kiritilgan dori vositalarining savdo nomlari va tibbiyot buyumlariga belgilangan ulgurji va chakana narxlarni o`rnatish tartibini takomillashtirish bo`yicha taklif kiritish;
dorixonalar va ularning filiallarini tovar cheklarini berish bo`yicha asbob-uskuna va dasturiy komplekslar bilan jihozlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek tovar cheklarini berish bo`yicha asbob-uskunalar mavjud bo`lmagan yoki nosoz bo`lgan yoxud elektr energiyasi vaqtincha o`chirilgan hollarda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishda foydalaniladigan tovar cheklari kitobining shaklini tasdiqlash vazifalari yuklatildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlash darajasini oshirish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligining ijtimoiy dorixona tarmoqlari tashkil etilib, aholiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotish ularning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Umuman olganda, qabul qilingan qaror fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, aholini arzon narxlarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish imkonini beradi.
Qarorning to`liq matni va unga sharh O`zAda e`lon qilindi.