1

KEChIKMAGAN BAXT

Mutolaa 28.07.2017, 10:39
KEChIKMAGAN BAXT

Odamlar nega shunaqa ekan? Birovning taqdirini hal qilishga o`zlarini haqliman, deb o`ylashadi. Sizga tilayotgan yaxshiliklari ko`nglingizga og`ir botishini xayollariga ham keltirishmaydi. Bu so`zlarni tilimga ko`chirmadim. Hamkasbim Malika opaning gaplaridan shunchalik esimni yo`qotgandimki, nimadir deyishga ojiz qolgandim.

Ish joyimga qaytsam, abiturientlar qatorlashib turishardi.

Keldingizmi? Bu ishni ham eplaganga chiqargan ekan, Yulduz. Yarim soatda atigi bitta abiturientning hujjatini qabul qildim, — meni dekan xonasiga chaqirgani uchun o`rnimda ishlab turishga qolgan hamkasbim o`rnidan turdi. — Aytgancha, nima gap ekan o`zi? — dedi u tund qiyofamdan noxushlikning hidini sezgandek.

Ey, arzimagan gap uchun ovora qilishibdi bizni, — dedim xushlamaygina.

Shu abiturientlarga ham hayronsan kishi, oxirgi kunga taqab hujjat topshirish shartmi? — Lola menga achingan kishi bo`lib so`zlashda davom etdi.

Bular ham o`zimga o`xshaydi-da, yaxshiroq variant chiqib qolar, deb yuraverishadi, — deya jilmaydim. Hazil qilmasam, Lola o`zi bilmagan holda alamimga yog` purkashda davom etardi.

Hazillaringiz bor bo`lsin, Yulduz, — deya u fakultet binosi tomon ketdi.

Har yili qabul komissiyasida ishlayman. Istasam-istamasam, bu ishni shundoq bo`ynimga yuklab qo`ya qolishadi.

Yulduzning qachon ishga borib kelishini hisob-kitob qiladigan eri bo`lmasa!

Yozi bilan bizga o`xshab yuzlab banka yopmasa!

Uyda yig`lab qoladigan bolasi yo`q, Yulduz ishlasin!

Bu iddaolar ba`zida oshkora, ba`zida orqavarotdan aytiladi. Aybim — oilam yo`qligi sanalib, nimaki ishdan keyin qilinadigan yumush bo`lsa, ko`ngilli askardek men bajarishim kerak.

Yo`q, hamkasblarimdan nolimayman. Ular doim men haqimda qayg`urishadi, ayniqsa, baxtim ochilishini o`zimdan-da ortiq istashadi. Hali biri sovchilarni etaklab kelgan, hali boshqasi meni kimgadir tavsiya qilgan.

Bugun esa ularning jonbozligidan ko`nglim og`ridi. Dekanimiz xonasida ko`rgan kishimning ne sabab men bilan uchrashayotganini avvaliga tushunmadim. Uning sovchi emas, aynan kuyovlikka nomzodligini eshitib esa nafasim bo`g`ilib ketdi.

Ko`rdingizmi? — Malika opa dekan xonasidan chiqishimni poylab turgan shekilli, ko`zi tushishi bilan savol berdi.

Ha deyishga ham hafsala qilmay boshimni qimirlatdim.

Xo`sh, qanaqa? — Malika opa qo`limdan tortib o`z xonasiga boshladi. Noiloj ergashdim.

Yoshlari katta ekan, — tilimga kelgan birinchi so`z shu bo`ldi.

Voy, nima bo`libdi? Endi oltmishdan oshgan.

Menga to`g`ri kelmaydi, ko`rinishlari ham, yoshlari ham, oilaviy ahvollari ham, — deya o`rnimdan turishga shaylandim.

Yulduz, siz ham o`ttiz oltiga kirib qo`ydingiz. Endi bu yog`iga yosh yigitlarning og`iz solishi amrimahol. O`zi asli ziyoli insonligini, qolaversa, siz uchun barcha sharoitlarni yaratishini o`ylab uchrashtirgandik. Dekanimiz bilan birga o`qishgan ekan, ilmni ham tushunadi, ertaga fan nomzodligi qilishingiz ham oson ko`chadi, — suhbatdoshim barcha sovchilar kabi «kuyov»ning ta`rifini keltira boshladi.

Axir ayollari... — dedim-u gapimni davom ettira olmay qoldim.

Xotini bir omi ayol ekan, shundoq erning qadriga etmapti. Necha yilki, birga yashashmas ekan. Bolalar o`rtada sarson bo`lib ketgach, bu kishi uylanmoqchi bo`layaptilar. Axir issiq-sovug`iga qaraydigan bir ayol kerak. Siz rozi bo`lsangiz, xotini bilan qonunan ajrashar ham, — dedi opa oxirgi aytganlariga o`zi ham ishonmay.

Malika opa hozir ko`nglimdan kechayotgan tuyg`ularni tushunmasligini o`ylab, «Qabulga borishim kerak», deya shoshib xonadan chiqib ketdim.

Nima ham derdim? Mening ham o`z orzularim borligini aytaymi? Yillar davomida umid bilan baxt kutganimnimi? Hamon o`z tengimni uchratishimga ich-ichimdan ishonishimnimi?

Bir xayolim ortimga qaytib, bo`g`zimni kuydirayotgan alamli so`zlarni to`kib solmoqchi bo`ldim. Lekin yoshi katta ayol, qolaversa, meni o`ziga yaqin olganidan bu ishga qo`l urganini o`ylab, yana shaytonga hay berdim. Bugun esa aynan shu ayoldan juda minnatdorman. Axir uning eslatmasi sabab hayotimda muhim qaror qabul qilish payti kelganini anglab etdim.

Hujjatlaringiz? — qarshimda ko`zlari javdirab turadigan, «Hujjatlaringiz joyida» degan so`zni xuddi «O`qishga qabul qilindingiz?» deya eshitguvchi abiturentlardan ko`rinishi ham, nigohlari ham farq qiluvchi yigitga yuzlandim.

Mana, — yigit stolimga bejirim o`ramli shokoladni qo`ydi. Pora degan xayolga bordim.

Men hujjatlaringizni so`radim, — deya qat`iy gapirdim.

Hujjatlarim yo`q.

«Dovdirab yurgani uchun ham o`qishga kirolmagandir-da shu paytgacha» degan fikr o`tdi xayolimdan.

Unda nima qilayapsiz bu erda?

Yigit jim. Ko`zlarini olib qochgani-ku hayron qolarli.

Bugun qabulning oxirgi kuni. Agar u-bu joyda unutib qoldirgan bo`lsangiz, tezroq harakatingizni qiling, — dedim-da, shokoladni o`zi tomon surdim.

U esa lom-lim demasdan o`rnidan turib ketdi. Negadir, kayfiyatim ko`tarildi. Shu bilan kechgacha abiturientlar bilan ovora bo`lib institutda qolib ketdim. Qanchalik ishga ko`milmay, Malika opaning so`zlari hech tinchlik bermasdi. O`zimni hamma narsani, eng muhimi, yoshligini yo`qotgan insondek his qildim. Shu kungacha ko`p nomzodlar bilan uchrashdim. To`g`ri, ular orasida ajrashganlar, oilasidan kuyganlar, ayolini manguga yo`qotganlar bor edi. Lekin hech bir nomzod bugungidek dilimga og`ir botmagandi. Tag`in hamkasbimning endi sizga yigitlar og`iz solmaydi, chiqqan cholga rozi bo`lavering, degan ma`nodagi gaplari haqiqatga o`xshab tuyulardi.

Og`ir qadamlar tashlagancha institut binosidan chiqarkanman, kutilmaganda yonimda paydo bo`lgan yigitni ko`rib hushim boshimdan uchdi.

Voy, qabul tugadi-ku! — dedim qo`rquv aralash hayajon bilan.

Bilaman, — u meni battar hayratga solib tabassum qildi.

Axir endi o`qishga topshira olmaysiz! — o`z tashvishimni unutish uchun ham uning muammosiga kuyina boshladim, shekilli.

O`qishga topshirishim shartmas... — shunday deya yigit qo`lidagi guldastani menga uzatdi.

Harholda bu erda menga guldasta berish uchun yurmagandirsiz? — endi achchig`im keldi.

Albatta, shuning uchun. Chiqishingizni poylab turgandim-da.

Kimsiz o`zi?

Yigit xotirjam o`zini tanishtirdi. Ismi Sherzod ekan. Yana bir hamkasbim — Zilola uning onasiga meni tavsiya qilibdi. Bu gapdan keyin yuzimga qizillik yugurdi. «Mendan necha yosh kichik ekan?» degan savol esa o`ylantirib qo`ydi.

Yoshim o`ttiz ettida, — dedi u xayolimni o`qigandek.

***

Yaxshilab surishtirish kerak. Nega shu paytgacha uylanmagan ekan, — sovchilar kelishini eshitib hovliqib qolgan xolam Sherzodning tumanida ishlovchi tanishlarini eslay boshladi.

Aytdim-ku, boshqa millat vakili bo`lgan qizni yaxshi ko`rgan ekan. Onasi olib bermagach, boshqasiga uylanmayman, deb o`jarlik qilib yuraveribdi. U qiz «Qonuniy oila qurmasak, meni tinch qo`ying», deb ikki yil oldin o`z millatdoshiga turmushga chiqib ketibdi. Hozir bolasi ham bormish.

Voy, soddaligingni, balkim aldayotgandir. U bilan ham ajrashmagandir. Senga onasining xizmatini qilishing uchun uylanmoqchidir, — xolam siz ham bir nima deng degandek oyimga imo qildi.

Qani, ota-onasi kelsin-chi, bafurja gaplashib olamiz, — oyim doimgidek bosiqliq bilan so`zladi.

Men esa Sherzodga ishondim. Axir, doim kulib turuvchi qora ko`zlari aldashga qodirmas. Qolaversa, hayotda hamma narsa bo`lishi mumkin-ku! Gohida biz sevgi deb o`ylaganimiz shunchaki havas bo`lishi, vaqti kelganida buni tushunib etishimiz hech gapmas. Haqiqiy muhabbat esa, baribir, bir kun qalbimizga tashrif buyuradi. Men muhabbatning, baxtning kechikkani bo`lmaydi, deb o`ylayman. Shunchaki, hamma narsaning o`z vaqti-soati bor.

Sherzodning ota-onasi uyimdagilarga ma`qul kelishgach, yoshlar nimani istashsa, shu degan xulosaga kelishdi. Shu bilan to`y harakatlari boshlanib ketdi. Men katta nikoh oqshomidan umid qilmayotgandim. Shunchaki, kichik davrada baxt kunimizni nishonlaymiz, oppoq kelinlik libosini ham shu yoshimda kiymasman, degan o`yda edim.

— Nima uchun? Sizning ham, mening ham birinchi turmushimiz bo`lsa, albatta, chiroyli qilib nishonlashimiz shart! Buning ustiga, ikkimiz ham juda yosh ko`rinamiz, — dedi Sherzod bu fikrimni eshitib.

Bu insoning menga yoqqan tomoni ham shu, doim kayfiyatimni ko`tarishga harakat qiladi, odamni umidlantiradi, hamma narsaning yaxshi tomonini ko`radi.

To`y kuni esa nafaqat men, mehmonlar ham ko`zlariga ishonishmadi. Dabdabali emas, shunday chiroyli oqshom bo`ldiki, uzoq payt hamkasblarim «Hali bunday fayzli to`yni ko`rmagandik», deya eslab yurishdi.

Men esa shunchalik yuksak baxtga musharraf bo`lishimni tushimda ham ko`rmagandim. Faqat meni tushunadigan, ardoqlaydigan, sevadigan insonga albatta, taqdir ro`para qilishiga doim ich-ichimdan ishongandim.

MUXLISA yozib oldi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1