Marca nashri Madridning «Real» klubi hujumchisi Krishtianu Ronalduning 31 iyul kuni soliqlarni to`lashdan bo`yin tovlash bo`yicha suddda bergan ko`rsatmalarining asosiy qismlarini e`lon qildi. Ularning birida portugaliyalik futbolchi Angliyaga qaytishni istayotganini tan olib o`tgan.
«Angliyada men bilan bog`liq hech qanday muammo bo`lmagan, shu sababdan ham men u erga qaytishni istayman. Yaxshi eslayman, Angliyaga kelganimda bu erda barchasi qanday ishlashini menga tushuntirib berishgandi. Manchesterga kelganimda bo`lajak 18 yoshli bola uchun soliq mexanizmi bilan qanchalik ishlash lozimligini tushuntirib qo`yishgan.
Ispaniyada esa muammo bo`lmasligi uchun ko`proq to`lash kifoya ekanini aytishgandi», — deya Ronalduning so`zlarini keltiradi Marca nashri Cadena Ser radiosi ma`lumotlariga tayanib.
Eslatib o`tamiz, Ronaldu 2011 va 2014 yillarda 14,7 mln evro soliqlarni yashirishga uringani uchun sudga chaqirilgandi. Prokuratura «Real» futbolchisining o`z imidj huquqidan tushgan daromadlarni turli offshor firmalari orqali berkitishga uringanlikda ayblamoqda.