8 avgust kuni O`zbekiston yoshlar ittifoqi raisi Qahramon Quronboev hamda Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Oybek Abdushukurov har ikki tashkilot o`rtasida anglashuv Memorandumini imzoladi.

Memorandumga ko`ra har ikki tashkilot hamkorligida “Yosh kinoijodkorlar uyushmasi” nodavlat notijorat tashkilotini ta`sis etildi va kelajakdaUyushmaga birlashgan yoshlar ishtirokida ijtimoiy ahamiyatga molik kinoloyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, memorandumda O`zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida “Yoshlar press klubi”ni tashkil etish ham belgilangan bo`lib, bu orqali yoshlar muammolari va ularning echimiga bag`ishlangan turli shakl va janrlarda ko`rsatuv va teledebatlar tayyorlash nazarda tutilgan.
Bugungi kun kinematografiyasi uchun o`ta dolzarb hisoblangan masala, ya`ni zamonamiz qahramonlari obrazini yaratish, yosh avlod ma`naviyatiga, tarbiyasiga ijobiy tasir ko`rsatadigan badiiy, hujjatli, multiplikasion hamda qisqa metrajli filmlar, shuningdek, teleseriallar ishlab chiqarish ham mazkur hujjatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ijtimoiy ahamiyati yuqori bo`lgan mazkur memorandum yosh ijodkorlar uchun yuksak imkoniyat eshiklarini ochishi, yoshlarning kinematografiya sohasidagi ijodiy faoliyatini birgalikda olib borishlariga zamin yaratishi, uyushmagan yoshlarni hayotda o`z o`rnini topishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.
Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston yoshlar ittifoqining raisi Qahramon Quronboev, Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Oybek Abdushukurov hamda O`zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov bugungi kunda mamlakatimiz yoshlariga, jumladan, ijodkor yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar, davlat miqyosidagi e`tibor haqida gapirib, yosh ijodkorlarni yanada faollikka, badiiy saviyasi yuqori asarlar yaratishga chaqirdilar.






