1

​«HALOKATDAN SO`NG BAXTIMDAN JUDO BO`LGANDIM…»

Mutolaa 10.08.2017, 12:00
​«HALOKATDAN SO`NG BAXTIMDAN JUDO BO`LGANDIM…»

Bu voqeani kim uchundir ibrat bo`lsin, degan niyatda yozishga jazm etdim. Dugonamning hayotidagi voqealar balki yon-atrofingizda sizga tanish insonlarning hayotiga o`xshash bo`lishi mumkin. Yaqinda dugonam bilan telefonda hol-ahvol so`rashdik. Oxirgi marta u bilan gaplashganimda hayotidan mamnunligi sezilib turardi. Atrofida e`zozlaydigan insonlar borligi uchun Tangriga ming bora shukronalar aytdi. Shu oy oxirida turmushga chiqayotganini ma`lum qilganida, to`g`risi, hayron qoldim. Uning mungli tarixi bor edi…

Dugonajon, hayotda shunday voqealar ro`y berarkan, taqdirga tan berib yashashdan boshqa chora ham bo`lmas ekan. Yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yonimda bo`lishga ont ichgan, ishqimda yonib-kuygan, hattoki osmondagi oyni olib berishga tayyor sevikli yorim og`ir musibat kelganda meni tashlab ketdi. O`sha paytdagi ahvolim yolg`iz Xudoga ayon.

Hayotimning eng yorqin damlari, o`ynab-kulib yurgan paytlarim o`n sakkiz yoshimda avtohalokatga uchradim. Mendek go`zal, qaddi-qomati kelishgan, yaqindagina sevganimga turmushga chiqqan paytimda bunday mudhish voqea ro`y berishi hayotimni tubdan o`zgartirib yubordi. Sevikli yorim bilan mashinada, musiqani balandlatib, tezlikni oshirib ketayotganimizda ro`paramizda birdan mashina chiqdi-yu nimalar bo`lganini anglolmay qoldim...

Bir necha oylab shifoxonada davolandim. Boshim qattiq shikastlangan, bir necha joydan tikilgan edi. Sochimni qirib tashlashgandi. Shifokorlar oyoq asab tolalarim qattiq jarohatlanganini, oqibatda boshqa yurolmasligimni aytishganida aqldan ozayozdim. Bir umr nogironlar aravachasiga mixlanib qolishimni tasavvur ham qilolmasdim. Bunday ko`rgilikni dushmanimga ham ravo ko`rmayman. Go`yoki hayot men uchun tugagan, hamma-hamma orzularim bir lahzada sarobga aylangan edi. Shunday paytda ko`z yoshlardan aslo foyda yo`q edi. O`sha lahza ko`zimga yosh ham kelmadi.

Qanchalik o`zimni aldashga urinmay, hammasi haqiqat edi, ha, achchiq va alamli haqiqat. Endi o`zimni hech kimga keraksiz buyumdek his qila boshladim. Shifoxonadan chiqqan kunim turmush o`rtog`imning oila a`zolari meni aravachamda ota uyimga olib kelib qo`yishdi. Chiqqan qiz chig`iriqdan tashqari deyishadi. Ammo men endi uy yumushlarini bajarishga ham yaramay qolgandim. Ishdan qaytgan turmush o`rtog`imni kutib olib, shirin-shirin taomlar pishirib bera olmasdim. Qaynonam uyimga jo`natdi. Qayg`ularim lovillab yondi.

Endi qalbim bo`m-bo`shga o`xshardi. Yonimda hattoki sevimli insonim ham yo`q edi dalda bo`lguvchi. Avvallari dugonalarim ko`p edi, shifoxonadan chiqqanimdan keyin asta-sekin yo`qlamay qo`yishdi. Aravachaga mixlanib qolgan bir bechora kimga ham kerak.

Kunlar shu zaylda o`ta boshladi. O`zimni qo`lga olishga harakat qildim, oyoqlarim qimirlamasa-da uy ichida emaklab yurardim. Singillarim xizmatlarimni qilib yurishdi. Ammo bu ham vaqtincha ekan. Ularni ham joy-joyiga uzatdik. Onam ikkimiz uyda yolg`iz qoldik.

Turmush o`rtog`im bilan sevishib turmush qurgandik. U meni sevgimiz hurmati qidirib keldi. Xotini bilan ajrashganini, baribir meni sevishini aytib rosmanasiga ko`z yosh to`kdi. Uyga olib ketaman, deb turib oldi. Uning so`zlariga rahmim kelib ishondim, uyga olib ketaman deganiga ko`nib ketaveribman. U erda bir necha kunlik mehmon bo`ldim, xolos. Yana ota uyimga olib kelib qo`yishdi. Sababi, oila a`zolari meni ketsin deb janjal qilishdi.

Oyoqlarimni davolatishga ko`p bora harakat qildim. Bir necha joyga meni olib borishdi, kerakli muolajalarni oldim, ammo oyoqlarimda birorta o`zgarish sezilmasdi. Bunday ko`rgilikdan yana tushkunlikka tushdim.

Shu orada o`zimda qandaydir o`zgarishlar seza boshladim. Ko`nglim aynib, qayt qildim. Onam homiladorlik belgilari, dedi. Turmush o`rtog`imni hali hanuz sevganim, u kishi ota-onasining qarshiliklariga qaramay holimdan xabar olib turayotgani, oz bo`lsa-da, tasalli berardi. Bunday quvonchli xabardan u kishining boshi ko`kka etdi. Ammo qaynonamning avzoyi o`zgardi, qaynopamni biznikiga yuboribdi. «Tez kiyining, kasalxonaga boramiz», deya turib oldi. Ming qarshilik qilmaylik, baribir meni olib ketdi. U erda bolamni olib tashlashmoqchi ekanligini aytishganida, butun tanam muzlab ketdi. Axir, jajjigina bolajonimning nima gunohi bor? Ming yalinib-yolvorishimga qaramay bolamdan judo qilishdi. Shu ahvolingda bolani qanday tug`asan, qanday parvarishlaysan, eplolmaysan, deb baqirdi.

Bu ko`rgilik ham peshonamga yozilgan ekan, nima ham qila olardim? Bariga chidadim, yana sabr qildim.

Tezroq davolanib, oyoqqa turib ketishni xohladim. Eng tajribali shifokorlar meni davolashni boshlashdi. Ammo bir necha yillik davolanishlar ham kor qilmadi. Oyoqlarim sezmasdi, qimirlamasdi. Nogironlar aravachasida o`tirish meni battar qayg`uga soldi.

Dugonajon, esingizdami, sizga ko`p aytardim, hali ko`rasiz men yugurib ketaman, siz bilan poyga o`ynaymiz, deb. O`zimni tushkunlik domiga tortib, jonimni ko`p qiynadim. Avval qo`limga kitob olmasdim. Shu vaqt mobaynida men ko`p kitob o`qidim, o`zimni ovutishga, tushkunlik domidan chiqishga urindim. Qanchadan-qancha bilmagan narsalarimni o`rgandim. Asosiysi, tushkunlikni engdim, o`zim uchun kurashishni o`rgandim…

* * *

U bilan suhbatlashar ekanman, ba`zida arzimas narsalar uchun noliganim, shikoyat qilayotganim uchun uyaldim. Axir, bu qiz aravachaga mixlanib qolgan bo`lsa ham, o`zini qo`lga olib, irodali bo`lishga erishdi. Hayotda turfa taqdirlar, turmushning past-balandliklari bizni o`ziga bog`laydi, ba`zan esa tashvishlar bizni tushkunlik qa`riga g`arq etadi. Atrofimizga bir nazar tashlasak, unda turli xil insonlarni ko`rishimiz mumkin, har kimning hayot yo`li o`zga, har kimning o`z turmush tashvishlari bor.

Dugonam shuncha yildan so`ng o`zini qo`lga olishni o`rgandi, o`ziga o`xshagan insonlarni, hattoki o`zidan-da ahvoli og`ir insonlarni ko`rib o`z holiga shukr qildi. Vaqti kelganda yurishni mashq qildi, mana hademay hassa-tayoq bilan yura boshladi.

Bundan ikki yil avval dugonam Toshkentga davolanishga kelganida biz ko`rishib, yaqindan gaplashgandik. U menga ko`p narsalarni aytib berdi. Hayotda ko`rgan-kechirganlari faqat ibrat to`la haqiqat edi.

Ikki yil mobaynida ancha o`zgarishlar bo`ldi, avtohalokatdan so`ng tashlab ketgan turmush o`rtog`i bilan qonuniy ajrashibdi, to`g`rirog`i, buni eri talab qilibdi.

Shunda ham u egilmadi, boshini xam qilib, qayg`u domiga tushmadi. Balki hayotimdagi voqealar kelajakda orzularga erishishim uchun bir turtkidir, deya o`zini ovutdi.

Yaqin kunlarda bir yigitdan sovchi kelib, uni shunday holicha turmush o`rtog`i, rafiqa sifatida qabul etishi uchun qo`lini so`rabdi. Ming marta yo`q desa ham baribir uylanishini aytib holi-joniga qo`ymabdi. Davolanish uchun mablag`ini ayamay, bir mushtipar ayolni ko`ngliga malham bo`lib, uni hayotda bekamu-ko`st rafiqa bo`lib yashashi uchun qo`lidan kelgan hamma harakatlarni qilayapti.

«Xudoga aytganim bor ekan, menga shunday g`amxo`r insonni ro`para qildi. Hech bir yordamini ayamayapti, u sababli oyoqlarim yura boshladi hassa-tayoqda bo`lsa-da, yurayapman, shu oyning oxirida to`yga keling», deya sevinib menga telefon orqali xabar berdi. Ovozidan uning xushchaqchaqligi, yana avvalgidek quvnoqligi qaytib kelganidan xursand bo`ldim, ko`nglimda xotirjamlik his etdim.

Azizlar, bir-biringizdan mehringizni ayamang! Besh kunlik dunyoda bir-birimizni asrab-avaylaylik. Atrofimizga bir nazar tashlab, o`z holimizga shukr qilaylik. Mehr-muhabbat hech birimizni tark etmasin.

Nargiza

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1