O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 avgust kuni Butunjahon taekvondo federasiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi, deb yozadi O`zA.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, ushbu nufuzli xalqaro sport tashkiloti rahbariga O`zbekistonda taekvondoni, avvalo, yoshlar o`rtasida ommalashtirishga qo`shayotgan shaxsiy hissasi va amaliy sa`y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Butunjahon taekvondo federasiyasi O`zbekistonda sportning ushbu turini rivojlantirishga faol ko`maklashayotganini qayd etish kerak. Bu borada birgalikda turli turnirlar tashkil etib, mamlakatimizda zamonaviy infratuzilmani yaratish va uni jihozlash loyihalarida, shuningdek, milliy terma jamoamizning Janubiy Koreyada tayyorgarlik ko`rish hamda mashg`ulot yig`inlarini o`tkazishda ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 11-13 avgust kunlari Toshkent shahrida mazkur xalqaro tashkilot tashabbusi bilan Butunjahon taekvondo federasiyasi prezidenti kubogi uchun birinchi Osiyo mintaqasi musobaqasi bo`lib o`tadi.
Taekvondoni ommalashtirish, O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasida sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo`shgan shaxsiy hissasi e`tirofi sifatida Cho Chung Von Toshkent shahrining faxriy fuqarosi va Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining faxriy fan doktori unvoniga sazovor bo`ldi.
Uchrashuvda o`zaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizda yirik xalqaro turnirlarni muntazam o`tkazish, Butunjahon federasiyasining davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O`zbekiston Milliy universitetida tashkil etilayotgan taekvondo fakulteti faoliyatini yo`lga qo`yishda, shuningdek, yurtimiz yoshlarini sportga keng jalb qilishga qaratilgan boshqa tadbirlarda ishtirok etish masalalari muhokama etildi.
Cho Chung Von Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul va O`zbekistonda taekvondo va boshqa sport turlarini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlayotgani uchun chin dildan minnatdorlik izhor etdi. Butunjahon taekvondo federasiyasi O`zbekiston bilan yangi qo`shma loyihalar va keng ko`lamli hamkorlik dasturlarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi






