AsosiyJamiyat

​ShAVKAT MIRZIYoEV OLMALIQDA "YoShLIK KONI"GA TAMAL TOShINI QO`YDI(FOTO)

'​ShAVKAT MIRZIYoEV OLMALIQDA "YoShLIK KONI"GA TAMAL TOShINI QO`YDI(FOTO)'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 avgust kuni Olmaliq shahriga tashrif buyurdi.

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rivojlanishining ikkinchi bosqichi” loyihasi bo`yicha ishlarni boshlashga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi, deb xabar beradi O`zA.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimizning rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchi etakchi korxonalaridan hisoblanadi. Mazkur investisiyaviy loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi.


2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning etakchi tarmoqlarini modernizasiya qilish va diversifikasiyalash, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali uning raqobatbardoshligini oshirish asosiy ustuvor yo`nalishlar sifatida belgilangan.

Joriy yilning mart oyida Prezidentimiz tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini 2030 yilgacha bo`lgan davrda rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida mis ishlab chiqarishni 1,4 barobar, qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni 33 foizga oshirish belgilangan.

Loyihani o`zlashtirish jarayonida bitta temir yo`lni yangi joyga o`tkazish, ikkita yangi temir yo`l qurish, avtomobil yo`llari barpo etish ko`zda tutilgan. Uzunligi 1,4 kilometrlik tunnel va 3,1 kilometr konveyer yo`li quriladi, ishlab chiqarish, transport, energetika va boshqa infrastruktura ob`ektlari barpo etiladi. Yangi mis-boyitish kompleksi, misni elektroliz qilish, oltingugurt kislotasi ishlab chiqarish sexlari va boshqa infratuzilma ob`ektlari quriladi.

Loyiha 2028 yilda to`liq quvvat bilan ishga tushadi. Natijada 10 mingdan ortiq kishining bandligi ta`minlanadi. Bundan tashqari yosh mutaxassislar uchun 2017-2021 yillarda 400 oilaga mo`ljallangan 9 ta yangi ko`p qavatli uy, maktabgacha ta`lim muassasasi va 240 o`rinli 2 ta yotoqxona barpo etiladi.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan eksportga chiqariladi.

Marosimda Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.

Yurtimiz er osti boyliklariga boy, lekin biz undan unumli foydalana olmayapmiz, dedi davlatimiz rahbari. Biz geologiya sohasini rivojlantirishga etarlicha e`tibor qaratmadik. Endi bu yo`nalishdagi ishlarni tubdan yaxshilaymiz va sohani tubdan takomillashtiramiz.

Kechagi kun bilan yashash vaqti o`tdi. Bugun zamon o`zgarmoqda, biz ham shu shiddatga mos ravishda o`zgarishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari mazkur loyihani kadrlar bilan ta`minlash masalasiga alohida e`tibor qaratdi. Bugun mazkur tarmoqda ishlayotgan yoshlarning ko`pligini inobatga olib yangi ochilgan konga “Yoshlik” koni, deb nom berishni taklif qildi.

Majmuaga tantanali ravishda tamal toshi qo`yildi.

Tadbirda kombinat faollari va yoshlar so`zga chiqib, hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish borasida olib borayotgan ezgu ishlari uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

    Boshqa yangiliklar