Qarindosh-urug`ning achchiq-chuchuk gapini eshitishu, uy egasining qovoq-tumshug`iga qarab yashashning qanchalik og`irligini Oybahor Jo`raqulova yaxshi biladi. Turmush o`rtog`i vafot etgach, qo`lidagi go`dagi bilan ko`chada qolgan yosh juvon ota uyiga ham sig`madi. Keyin goh u, goh bu qarindoshinikida bir hafta-o`n kun yashab yurdi. O`g`li katta bo`lgani sayin amakiyu tog`a, ammayu xolalarning uyi eshigi ham ular uchun qattiq yopiladigan bo`lib qoldi. Qarindosh-urug`, mahalla-ko`y ikki xonali bo`lsa-da, uy solib berishning ilojini topolmadi.
– Uyma-uy sarson yurish, yaqinlarimning achchiq gaplari jonimdan o`tib ketdi, – deydi Urgut tumanida yashovchi O.Jo`raqulova. – Shu yil qishda tumanimizdagi Xalq qabulxonasiga yordam so`rab bordim. O`sha erda hali dardimni aytmay turib, holsizlanib yiqildim. Ko`zimni ochsam, tuman markaziy shifoxonasida yotibman. O`zim qanday holatdaman bilmaymanu, bolamni o`ylayman. Sardorjonim etim qolmasin, kun ko`rmay yoshligi xazon bo`lmasin, deb ko`zimdan yosh tinmaydi. Tumanimiz hokimi va boshqa rahbarlar holimdan xabar olib turishdi, zarur yordam ko`rsatishdi. Baraka topishsin. Bir kuni tuman hokimi kelib, “Opa, o`zingiz va bolangizning sog`lig`ini o`ylang, nasib etsa, uy ham qurib beramiz”, deganida ko`nglimda umid uchquni paydo bo`ldi, yashashga ishtiyoqim oshdi. Mana, oradan 6-7 oy o`tib, Mergancha mahallasidan uch xonali uy berishdi. Hokimlik va homiylar uyni jihozlab, ro`zg`or buyumlari sovg`a qilishdi. Bugun yangi uyimizda hovli to`yi va o`g`limning sunnat to`yini birga nishonladik. Mahalla yaqinidagi tikuvchilik sexiga ishga joylashdim va endi uyning qolgan to`lovlarini to`lashga o`zimda imkoniyat bo`ladi. Bizning boshimizni silab, ushalmas orzuimizni amalga oshirgan Prezidentimizdan, hukumatimizdan behad minnatdormiz.
Samarqand viloyatida uy-joyga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan 37 nafar fuqaroga O`zbekiston Prezidentining sovg`asi – yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarni tantanali topshirish marosimida aytilgan bunday dil izhorlarining har birida odamlarning bir necha yillik orzu-armonlari ro`yobidan baxtiyorlik, yorug` kunlarga ishonch va shukronalik mujassam.
Kuchli ijtimoiy himoya, kam ta`minlangan oilalar va imkoniyati cheklangan kishilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri hisoblanadi. 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi hamda ushbu strategiyani Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga doir Davlat dasturida ham bu borada muhim vazifalar belgilangan.
Shundan kelib chiqib, joriy yilda uy-joyga ehtiyojmand, imkoniyati cheklangan 21 nafar xotin-qizga “O`zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatining Samarqand viloyati hududiy filiali tomonidan tikuv mashinalari berilib, ular kasanachi sifatida ish bilan ta`minlangan edi. Ayni paytda ularning har biriga yangilangan namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylar ajratildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga uy-joy so`rab murojaat qilgan imkoniyati cheklangan, ehtiyojmand oilalarga yordam berish maqsadida Samarqand viloyati bo`yicha 16 fuqaroga ikki-uch xonali uylarning boshlang`ich to`lovi davlatimiz tomonidan to`lab berildi.
– 2008 yilda yo`l-transport hodisasi natijasida turmush o`rtog`im vafot etgach, ikki bola bilan yolg`iz qoldim, – deydi Narpay tumani Narpay mahallasida yashovchi Umida Ergasheva. – Erimning uy-joyi bo`lmagani uchun otamning uyiga ko`chib ketishga majbur bo`lgandim. Lekin to`rt xo`jalikning bitta tor hovlida yashashi og`ir ekan. Har tongda bir tilakni aytaman – ishqilib bugun tinchgina, janjalsiz o`tsin-da. Oxiri Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo`ldim. Hokimlik, mahalla sharoitimizni o`rganib, o`z xulosasini berdi. Uch xonali uyning boshlang`ich to`lovi bizga Prezidentimizning yordamlari bo`ldi. Qolgan qismini o`zim ish haqim hisobidan to`lab boraman. Xudoga shukr, bugun barcha sharoitga ega uyga ko`chib o`tdik. Barchamizning, ayniqsa, bolalarimning quvonchi cheksiz. “Prezidentimiz sovg`a qilgan uy bu”, deya qarab ko`zimiz to`ymaydi. Eng muhimi, o`z uyimizda xotirjammiz. Qizim va o`g`lim ham maktabga boradi. O`qish bilan birga sport to`garaklariga qatnaydi. Ularni Vatanimizga munosib insonlar etib tarbiyalashga va`da beraman.
Viloyatda o`tkazilgan mehr-muruvvat tadbirlari doirasida 700 nafardan ortiq imkoniyati cheklangan, yordamga muhtoj qishilarga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi va boshqa vositalar berildi.
– O`n olti yildan beri poliartrit xastaligidan aziyat chekaman, – deydi Pastdarg`om tumanida yashovchi M.Otajonova. – Harakat qilish yildan-yilga og`ir bo`lib bormoqda. Nogironlik aravachasiga ehtiyojim bor edi. Bugun Samarqand shahriga taklif etishganda bu moslamani topshirishlari xayolimga ham kelmagan edi. Rahbarlar, viloyat jamoatchiligi vakillarining tabriklagani, dasturxon yozib, hol-ahvol so`raganidan boshim ko`kka etdi. Ilohim, xalqparvar Prezidentimiz omon bo`lsin!
Samarqand shahridagi Saxovat uyida yashayotgan kishilar holidan ham xabar olindi. Ular uchun dasturxon yozilib, kiyim-kechak va boshqa esdalik sovg`alari berildi. Muassasada istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy muzlatkich va kondisionerlar sovg`a qilindi. Samarqandlik taniqli san`atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi, deya xabar qildi O`zA.