AsosiyJamiyat

​O`ZBEKISTONLIK HARBIY KINOLOGLAR MAHORATLARINI NAMOYISh ETDI(FOTO)

'​O`ZBEKISTONLIK HARBIY KINOLOGLAR MAHORATLARINI NAMOYISh ETDI(FOTO)'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, o`zbekistonlik harbiy muhandislar III Xalqaro armiya o`yinlarining “Xavfsiz marshrut” musobaqasida 3-o`rin egallab, uyga qaytishdi.

12 avgust kuni ertalab mazkur musobaqaning “Sodiq do`st” tanlovi ishtirokchilari – O`zbekiston Mudofaa vazirligining yana bir guruh harbiy xizmatchilari medallar bilan uyga kelishdi.

ArMI-2017 doirasida o`tkazilgan “Sodiq do`st” xalqaro tanlovining yakuniy natijalariga ko`ra, mamlakatimiz harbiy kinologlari uchinchi o`rinni egallashga muvaffaq bo`ldilar. Unda Rossiyalik harbiylar g`olib topilgan bo`lsa, Belorussiya va Qozog`iston jamoalari ikkinchi o`rinni o`zaro bo`lib olishdi.

Podpolkovnik Sa`dulla Vafoev rahbarligida va jamoa sardori serjant Baxodir Yo`ldoshev etakchiligida Vatanimiz himoyachilari tanlovning barcha shartlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. «Dog biatlon» deb nomlangan dastlabki bosqichda harbiy kinologlarimiz to`rtinchi, “Himoya xizmati” shartida esa beshinchi bo`lib marraga etib kelishdi. 300 metrli to`siqlar yo`lagidan o`tish shartida uchinchi, «Dog biatlon estafeta» – final bahsida harbiylarimiz to`rtinchi o`rinni qo`lga kiritishdi.

Mudofaa vazirligi markaziy pitomnigi kinologlari – shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askarlar Shokir Jo`raev, Javlon Nizomov, Nuriddin Halilov, Orif Choriev va Nodir Erdanovlar o`zlarining xizmat itlari – Geroy (4 yosh), Gamlet (4 yosh), Grand ayur Drago (1,5 yosh), Grand ayur Djus (1,5 yosh) va Den (5 yosh) bilan mahoratlarini namoyish etishdi. Ta`kidlash joizki, tanlovda ishtirok etgan ba`zi xizmat itlari uchun mazkur musobaqa birinchisi bo`ldi. Ammo bu holat umumiy natijaga o`z ta`sirini o`tkazmadi.

Eslatib o`tamiz, joriy yilning 29 iyulidan 12 avgustga qadar Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog`iston va Xitoyning 22 ta poligonida uchinchi xalqaro armiya o`yinlari bo`lib o`tdi. Unda Evropa, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidan kelgan 28 mamlakatning 150 dan ziyod jamoasi o`zaro kuch sinashdi.

Ta`kidlash kerakki, mamlakatimiz harbiy xizmatchilari mazkur musobaqalarda birinchi marta ishtirok etdi. “Qo`shin razvedkasi a`lochilari”, “Elbrus halqasi”, “Sodiq do`st”, “Xavfsiz marshrut”, “Yo`l patruli”, “Merganlik marrasi”, “Qurolsoz usta”, “Musaffo osmon” kabi 8ta tanlovlarda ishtirokchi, “Tank biatloni”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Dala oshxonasi”, “Osmon kaliti”, “Avtobronetank texnikasi ustasi”, “Harbiy ralli”, “Muhandislik formulasi”, “Rembat”, “Hamdo`stlik jangchisi”, “Artilleriya ustasi”, “UUA (uchuvchisiz uchish apparatlari) ekipajlari musobaqasi”, “Suvorov shiddati”, “Xavfsiz muhit”, “Desantchilar vzvodi”, “Aviadarts” kabi 15 ta musobaqalarda esa kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

12 avgust erta tongda Toshkent xalqaro aeroportida Xalqaro armiya o`yinlaridan navbatdagi yutuqlar bilan qaytib kelgan harbiy xizmatchilarni tantanali kutib olishga bag`ishlangan marosimda mamlakat Mudofaa vazirligi rahbariyati, tanlov ishtirokchilarining yaqinlari va hamkasblari qatnashdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

    Boshqa yangiliklar