1

«BIZNI TAQDIR BIRLAShTIRGAN...»

Mutolaa 14.08.2017, 12:10
«BIZNI TAQDIR BIRLAShTIRGAN...»

Taqdir! U bormi o`zi? Peshanaga yozilgani-chi? Undan qochib qutila olmasligimiz rostmi? Men bugungi hikoyam qahramonlari bilan tanishganimda taqdirning haqligiga ishonganman. Bir qarashda, ularning hayotida qandaydir kemtiklar bordek, umr yo`llari bir tekismasdek... Balki, kimlardadir achinish hissini ham uyg`otar. Ammo men chin ma`noda ularga havas qilganman. Irodalariga, er yuzidagi farishtalar ekanligiga...

Risolat opaning yoshi ellikdan oshgan. O`rtancha qizi bilan opam birga o`qishgan. Uyimizga kelib-ketib yuradigan bu qiz hammamizga birdek yoqardi. Keyin uning onasi opam bilan tanishgan. Shu tariqa ikki dugona sabab oilalarimiz o`rtasida bordi-keldi yo`lga qo`yilgan. Risolat opa kamsuqim, samimiy ayol. Har mehmonga kelganida qimtinibgina o`tiradi. Oyim o`n gapirsa, zo`rg`a bir javob beradi. Ammo tilining uchida turgan so`zni doim aytolmaydi. U ketgach, «Nimadir dardi bor-da shu ayolning», deya oyim bosh chayqab qolardi. Bir yillik bordi-keldimizdan keyin Risolat opaning dardi ma`lum bo`ldi. Necha yildirki, onasini izlarkan. Hayron qoldik, to`g`risi. Uning mahzun hikoyasini tinglab esa ko`zimizga yosh oldik.

«Onam shaharlik. Men yolg`iz qizman. Beshikdaligimdayoq ota-onam ajrashib ketishgan. Yashirib nima qildim, to`g`rirog`i, onam otamni tashlab ketgan. Nima uchun, bilmadim... Keyin ammalarim majburlab ayamga uylantirib qo`yishgan. Men ham aqlimni tanigach, u kishining o`gayligini bilganman. Baraka topgur, biror marta o`gaylik qilmagan. Asli tug`masmidi, yo otamning «O`zi bolali bo`lgach, qizimni begona qiladi, biror bolaga zor ayol bo`lsagina, uylanaman, bo`lmasa, yo`q» degan qat`iy qaroridan keyin farzand ko`rmaganmi, bunisi menga noma`lum. Meni oq yuvib, oq tarab ulg`aytirdi. Mana, otamdan keyin ham bosh bo`lib o`tiribdi. O`z onamni esa bir martagina ko`rganman. Eslay olganim shu. Aytishlaricha, bog`chaga kelib, uzoqdan meni ko`rib ketarkan. To`yim oldi o`gay onam sizlarning qishloqqa olib kelgan va bir ayol bilan tanishtirgan. O`shanda bir og`iz ham gapira olmaganman. Onam esa meni quchib yig`lagan. Bir etak bolalari bor edi. Keyin ko`rishmadik. Ko`rishishga jur`at qilmadik, shekilli... Yoshi etmishdan oshib qolgan, ko`p tushimga kirayapti. Ammo menda manzillari yo`q. Shu kungacha izlashga ayamdan iymanganman. Go`yoki ular bilan topishib olsam, meni o`z bolasidek ko`rgan ayolga xiyonat qiladigandek tuyulaevardi... Yana mendan, eridan yuz o`girgan odamga nisbatan ichimda qandaydir alam bor edi... Yillar o`tib, bu alam tarqadimi, bilmadim... Yoki taqdir mening ko`zlarimni ochdi...

Ramz aka bilan ishda tanishganman. U kishi hisobchi edi. Chekka tumandan markazga qatnab ishlardi. Qismat ekan, bir-birimizga ko`ngil qo`ydik. Otam yolg`iz qizimni kimga uzatayapman deya, kuyov bilan ko`rishgan ham. U zamonlarda bunaqa gaplar yo`q edi-da. Qarang-ki, bir suhbatlashishgandayoq dadamga ma`qul bo`lib, hayotimiz bog`landi. To`y ham o`tdi. Baxtli kelinchak edim... Toki... yo`q bu hodisa aslida meni yanada baxtli qilgan. Ha, endi shunga amin bo`layapman. Chillamiz chiqqach, qaynonam uyimizga (alohida hovliga kelin qilishgandi meni) bir bolakayni etaklab keldi. Uch-to`rt yoshlardagi ko`zmunchoqdek kichkintoyni jiyanlarimizdan biri deb o`ylabman. Ammo kechki taomdan so`ng hammasi ma`lum bo`ldi. Ramz aka oldin uylangan, xotini esa eri va o`g`lini tashlab, kim bilandir qochib ketgan ekan...

O`sha tun hech kim uxlamadi. Faqat o`z tuqqan onasi voz kechgan, yana bir ayol uning borligidan dahshatga tushgan go`dakdan boshqa...

Urishdim, yorim deya ishonganimning ko`ksiga mushtlab yig`ladim... Qarg`adim... va ertalab to`g`ri uyimga otlandim. Ramz akaning yalinib-yalvorishlariga quloq solmadim. Kela solib ayamning bag`riga o`zimni otdim. U ham menga qo`shilib yig`ladi. «Voh, qizim, bu taqdir. Senginani bir sinay deyapti-da» degan. Uning bag`riga bosh qo`yib yig`lab, onamning taftini ilk bor dildan tuydim. Ha, o`shanda birinchi bor, bu ayol mening haqiqiy onam ekanligini his qildim. Va ko`zlarim ochildi. Bundan yigirma ikki yil oldin, men hali to`qqiz oylik chaqaloqligimda shu ayol meni bag`riga olgan va ko`z qorachig`idek asrab katta qilgan. Xudo bugun meni sinayapti... Bir paytlari menga ona berib siylagandi, endi farzand berib sinayapti... Men... shu ayolning, hayotning oldida juda katta qarzdorman. Endi... endi bir go`dakni bolam deb qarzimni uzmog`im kerak... Axir u bola ham mendek begunoh... Bu dunyoning ko`ngilxushligining qurboni...

Ana shu o`ylar bilan oilamga qaytdim. Mana, Zufar o`g`lim o`ttizga kirdi. Men unga o`gaylik qildimmi-yo`qmi, bilmadim, ammo u menga chin farzandlik qildi. To`ng`ichim, suyanganim. «Onangizni izlaylik, ona. Uchrashing, kechiring» degan ham shu! Ammo o`z onasini ko`rmadi. U xotin boshqa yurtlarga ketib qolgan. Shunga meni ko`proq tushunsa kerak-da, armon bo`lishmasin bir-biriga deydi-da... Mana, endi, sizlarning ko`maklaringiz bilan onam bilan uchrashmoqchiman. Yuragida og`riq bilan o`tib ketmasin, deyapman. Axir bolalarimiz adashsa, yo`l ko`rsatib, ularni kechirib yashaymiz-ku...»

Zufar akaning Risolat opaning o`z bolasi emasligiga, to`g`risi, kishi ishonmaydi. Katta o`g`il bo`lsa-da, onasi bilan hovlida qolgan, uch jigariga juda mehribon, volidasini har yili ikki-uch martalab dam olishga jo`natadigan, hurmatini joyiga qo`yadigan o`g`il. Ramz aka yigirma yilcha oldin jigar xastaligidan olamdan o`tgan. Zufar aka ro`zg`or boshiga tushgach, institutdagi o`qishini tashlab, bog`ida ishlagan ekan. Bir ukasi, ikki singlisini oliy ma`lumotli qilgan ham o`zi. Risolat opaning haqiqiy tirgagi!

Risolat opa onasi bilan uchrashdi. Hozir ham bolalari bilan birga u kishining holidan xabar olib turadi. Ammo har kelganda yuragi ezilib ketadi. Etmishdan oshgan kampirning erdan ko`z yuzmasdan yig`lab o`tirishidan kuyadi. Ammo endi vaqtni ortga qaytarib, nimanidir o`zgartirib bo`lmaydi-ku...

Men bu voqeani shunchaki ikki ayolning bolasidan kechib, kimgadir ergashib ketgani haqida nafratga to`lib, yozsam ham bo`lardi. Axir bu dahshat-ku! Ammo meni taqdirning ishlari ko`proq hayratlantirdi. Risolat opaning ayasining mehri, bir begona bolani bolam degan ayolning daryo qalbi ilhomlantirdi! Bu dunyoda yaxshi odamlar, asl muhabbat, insoniy tuyg`ular borligi haqida yozgim keldi. Kimgadir achinish, undan nafratlanish emas, shunday insonlarning yuragiga chindan havas qilib yashash kerak, axir.

Shoira ShAGIAHMEDOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1