Zimbabve prezidenti Robert Mugabening rafiqasi 52 yoshli Greys Mugabe JARlik fotomodelni kaltaklagani uchun sud oldida javob beradi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
Greys Mugabe fotomodel Gabriela Engelsni mehmonxonada o`g`illari bilan ushlab olib, boshiga elekstr simi bilan bir necha marotaba urgan.
20 yoshli Gabriela Engels o`zining “Tvitter” sahifasida voqea Yoxannesburgdagi mehmonxonalardan birida ro`y berganligini, birinchi xonim qizga hujum qilgan vaqtida uning yonida o`nlab qo`riqchisi bo`lganligini ma`lum qildi. Ulardan hech kim qizning yonini olmagan. Engels bo`lib o`tgan voqea yuzasidan polisiyaga shikoyat qilishni rejalashtirdi.
Robert Mugabaning 25 yoshli Robert va 21 yoshli Chatunga ismli o`g`illari ilgari Dubaydagi oilaviy saroyda istiqomat qilishgan. Biroq spirtli ichimlik va giyohvandlik moddalari iste`mol qilganliklari uchun Dubayni tark etishga majbur bo`lishgan.
Ayni paytda ularning har ikkalasi ham Yoxannesburg shahrida o`qishadi va o`zlarining “oltin yoshlik davrini surishda” davom etishmoqda.
Greys Mugabening vakillari bo`lib o`tgan voqea yuzasidan hech qanday izoh berishmadi. 93 yoshli Robert Mugabe 1987 yildan beri Zimbabve prezidenti hisoblanadi. U sog`ligi yomonlashgani, tarafdorlari o`rniga boshqa odamni tayinlashini iltimos qilganiga qaramay, 2018 yildagi prezident saylovlarida ham o`z nomzodini qo`yishni niyat qilgan.






