Gulistonda mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligiga bag`ishlab “Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston!” shiori ostida qovun sayli o`tkazildi, deya xabar qilindi O`zAda.
Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar qishloq xo`jaligida ham yuksak samaralar berib, paxta va g`alla bilan birga, bog`dorchilik, sabzavotchilik, polizchilik, asalarichilik, baliqchilik kabi tarmoqlarning ham jadal rivojlanishiga xizmat qilayotgani alohida ta`kidlandi.
Viloyat markazidagi istirohat bog`iga tutash Alisher Navoiy ko`chasida tashkil etilgan qovun sayli katta bayramga aylanib ketdi. 80 ga yaqin fermer xo`jaligi xaridorlarga 30 navdagi 1 ming tonnadan ortiq qovun, tarvuz, uzum va boshqa qishloq xo`jaligi mahsulotlarini taklif etdi. Amiri, bo`rikalla, kampirqovun, obinovvot, ko`kcha, qoraqand, oqqovun, oqpalak kabi qovunlar ayniqsa ishtirokchilar e`tiborini tortdi.
– Xo`jaligimiz 106 gektar maydonda dehqonchilik qiladi, – deydi Mirzaobod tumanidagi “Teraklisoy jilg`asi” fermer xo`jaligi rahbari Erkin Xoliqov. – 50 gektar maydonga g`alla ekib, davlatga don sotish rejasini ortig`i bilan bajardik. 33 gektar erga ekilgan paxta ham baravj o`smoqda. Hozir har bir tup g`o`zada 40 tagacha ko`sak bor. G`alladan bo`shagan maydonga qovun, tarvuz, mosh, makkajo`xori ekkanmiz. Etishtirilgan qovunlarni o`zimiz Latviya davlatiga eksport qilib, 80 million so`m daromad qildik. Yana 100 tonnaga yaqin qovun eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Qovun sayli doirasida “Sirdaryo qovunchiligi: kecha, bugun, ertaga” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Unda Guliston davlat universiteti professor-o`qituvchilari va qishloq xo`jaligi mutaxassislarining Sirdaryo tabiiy iqlim sharoitiga mos, ammo unutilgan qovun navlarini tiklash, sohaga yangi ilmiy asoslangan texnologiyalarni joriy etish, turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish mavzularidagi ma`ruzalari tinglandi.
Qovun saylida ko`plab xorijlik sayyohlar ham ishtirok etdi.
– Bunday ajoyib saylda birinchi marta ishtirok etishim, – deydi xitoylik sayyoh Chxen Zxong Bei. – Xalqingiz juda mehmondo`st, dehqonlaringiz saxiy va qo`li ochiq ekan. Bizda ham qovun etishtiriladi. Lekin, ular kichik bo`lish bilan birga, bunchalik xilma-xil emas. Qovunning bunchalar ko`p navi bo`lishini bilmas ekanman, bunday katta qovunlarni ham birinchi bor ko`rishim. Juda shirin, ta`mini uzoq vaqt unutolmasam kerak.
Qovun saylida turli nominasiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlanib, ularga diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G`.Mirzaev so`zga chiqdi.






