Teleboshlovchi Andrey Malaxov yangi ish topdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Teleboshlovchi Andrey Malaxov Birinchi kanaldan "Rossiya 1"ga o`tmoqda, u erda “Jonli efir” tok-shousiga boshlovchilik qiladi. Shu paytga qadar "Jonli efir"ga Boris Korchevnikov boshlovchilik qilib kelgandi. Teleboshlovchi dastur ustida ishlovchi jamoa bilan uchrashishga ham ulgurdi.
Manba ma`lumotiga ko`ra, Malaxov ishtirokidagi yangi dastur avgust oxirlarida efirga chiqishi rejalashtirildi Bundan tashqari, Malaxov "Rossiya 1"da nafaqat teleboshlovchi, balki qator loyihalarning hamprodyuseri bo`ladi, deya qayd etgan agentlik suhbatdoshi. "Rossiya 1"da yaqin orada Malaxov Birinchi kanalda olib borgan "Segodnya vecherom" ko`rsatuviga o`xshash dastur ham paydo bo`lishi mumkin.
Eslatib o`tamiz, dushanba, 14 avgust kuni Birinchi kanal efiriga "Pust govoryat" dasturi Malaxovsiz chiqdi. U ushbu boshlovchining televideniedagi faoliyati, shuningdek, OAVning teleboshlovchi dasturdan ketayotgani haqidagi xabarlariga bag`ishlandi. Dasturga Dmitriy Borisov boshlovchilik qildi.
U dasturga doimiy ravishda boshlovchilik qilishini ma`lum qildi. Seshanba kungi tok-shouni ham Borisov olib bordi. OAVlarda Andrey Malaxov “dekret ta`tili”ga ketayotganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Teleboshlovchi o`zi bosh muharrirlik qiladigan StarHit jurnaliga ilk farzandini kutayotganligini ma`lum qilgan edi. Bundan tashqari, u o`zining Instagram sahifasiga “Ketsam chiroyli tarzda ketaman” ("Ya uxoju krasivo") nomli qo`shig`iga “xayrlashuv” videoroligini tayyorladi. Mazkur videorolikni bir necha soatda yarim million foydalanuvchi tomosha qildi.