AsosiyJamiyat

​KOMPOZITORLARI VA BASTAKORLARI UYuShMASI FAOLIYaTI QAYTA TAShKIL ETILADI

'​KOMPOZITORLARI VA BASTAKORLARI UYuShMASI FAOLIYaTI QAYTA TAShKIL ETILADI'ning rasmi

"O`zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori" e`lon qilindi. Qaror matni O`zAda e`lon qilindi.

Xalqimizning ma`naviy saviyasini oshirish, yosh avlodni yuksak insoniy g`oyalar, ona Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida kamol toptirishda musiqa san`atining o`rni va ahamiyati beqiyosdir.


Mana shunday muhim vazifani ado etish borasida O`zbekiston Bastakorlar uyushmasi faoliyatida zamon talablaridan orqada qolish, ijodiy sustkashlik, tashabbuskorlikning etishmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda. Uyushmaning moliyaviy ahvoli va moddiy-texnik bazasi bilan bog`liq muammolar ham uning faoliyatiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda.

Boy musiqa merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu yo`nalishda faoliyat ko`rsatayotgan ijodiy tashkilot va jamoalar, kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar, yosh ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning iste`dod va mahoratini ro`yobga chiqarish, zarur moddiy va ma`naviy yordam berish, soha vakillari o`rtasida samarali ijodiy muhit tashkil etish bo`yicha ko`pgina muhim vazifalar o`z echimini kutmoqda.

Yuqorida qayd etilgan dolzarb muammolarni hal qilish hamda O`zbekiston Bastakorlar uyushmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida:

1. O`zbekiston Bastakorlar uyushmasi faollar kengashining O`zbekiston Bastakorlar uyushmasini O`zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi sifatida qayta tashkil qilish haqidagi qarori ma`qullansin.

2. Quyidagilar O`zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining (keyingi o`rinlarda – Uyushma deb yuritiladi) asosiy vazifalari etib belgilangani ma`lumot uchun qabul qilinsin:

xalqimizning estetik talab va ehtiyojlarini har tomonlama hisobga olgan holda, zamonaviy ruhdagi badiiy yuksak asarlar yaratish, katta musiqiy asarlar, jumladan, opera, simfoniya, konsert va oratoriya kabi mumtoz janrlar rivojiga alohida e`tibor qaratish;

yosh kompozitorlar, bastakorlar va musiqashunoslar, barcha ijrochilarning ijod bilan samarali shug`ullanishlari uchun imkoniyat va sharoitlarni kengaytirish;

mamlakatimizning madaniy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda musiqa san`ati sohasida ijod qilayotgan barcha ijodkorlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash;

milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, musiqiy ta`lim-tarbiya sohasini takomillashtirish, mumtoz va zamonaviy musiqa san`atini targ`ib qilish jarayonlarida faol ishtirok etish;

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, turli ijodiy tanlovlar o`tkazish, bastakorlar ijodini rag`batlantirishga qaratilgan konsertlar, festivallar, ijodiy kechalar va boshqa madaniy-ma`rifiy, ommaviy tadbirlarni tashkil etish;

xalqaro madaniy va musiqiy hamkorlik doirasini kengaytirish, yosh kompozitor, bastakor va musiqashunoslarni zamon talablari darajasida tayyorlash, chet davlatlardagi taniqli kompozitorlar va musiqashunoslar bilan o`zaro tajriba almashishni yo`lga qo`yish;

O`zbekiston davlat konservatoriyasida soha vakillari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

Nizom talablari asosida Uyushma a`zolari safini yosh iste`dodli kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslar bilan to`ldirib borish.

3. Quyidagilar:

O`zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog`iston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq ma`qullansin.

4. Uyushma va uning hududiy bo`limlarining faoliyati bilan bog`liq xarajatlarni qoplash, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo`yicha xarajatlarni moliyalashtirish manbai etib O`zbekiston ijodkorlarini qo`llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi (keyingi o`rinlarda – Fond deb yuritiladi) mablag`lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

Bu borada Uyushma va uning hududiy bo`limlari xodimlari mehnatiga haq to`lash xarajatlari O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Fondga ajratiladigan byudjet mablag`lari (subsidiya) hisobidan qoplanishi nazarda tutilsin.

5. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Uyushma hududiy bo`limlarining aniq manzillar bo`yicha joylashtirilishini ta`minlasin.

6. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Uyushma a`zosi bo`lgan faol kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joy yoki er uchastkalari bilan ta`minlash bo`yicha tegishli choralarni ko`rsin.

7. “Asakabank” aksiyadorlik tijorat bankining O`zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining “Do`stlar klubi”ga rahbarlik qilish yuzasidan bildirgan tashabbusi ma`qullansin. “Asakabank” aksiyadorlik tijorat bankining O`zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahri, Mirzo Ulug`bek tumani, Yahyo G`ulomov ko`chasi, 69-uyda joylashgan Uyushma binosini ta`mirlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha atoqli namoyandalarining elektron arxivini va maxsus fonoteka, ovoz yozish studiyasi hamda “Musiqa ijodkorlari” muzeyini tashkil etishda homiylik yordami ko`rsatish haqidagi taklifi qo`llab-quvvatlansin.

8. Uyushma o`z faoliyatini takomillashtirish maqsadida dunyodagi rivojlangan davlatlarning musiqa san`ati sohasidagi ijodiy uyushmalari bilan o`zaro hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish, jumladan, xalqaro tashkilotlarning grantlarini jalb etish choralari belgilangani ma`lumot uchun qabul qilinsin.

Uyushma tavsiyasi bilan uning faol a`zolarini xorij davlatlariga malaka va tajriba almashish uchun Fond hisobidan xizmat safarlariga yuborish tizimi yo`lga qo`yilsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.


O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri, 2017 yil 15 avgust


    Boshqa yangiliklar