Yirik banknotlarning muomalaga chiqarilishi iqtisodiyotdagi pul massasining o`zgarishiga olib kelmaydi hamda inflyasiya darajasi va narxlar barqarorligiga ta`sir ko`rsatmaydi, deb ta`kidladi Markaziy bank.
Milliy valyutaning 50000 so`m qiymatdagi banknotini muomalaga kiritish mamlakatimizda so`nggi yillarda o`rtacha ish haqi miqdorining oshib borishi hamda aholiga ish haqi, pensiya va nafaqalarni to`lashda, shuningdek naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirildi.
Eslatib o`tamiz, Markaziy bank Boshqaruvining tegishli qaroriga asosan 50 ming so`mlik banknotlar joriy yilning 22 avgustidan muomalaga chiqariladi.






