Boshlovchi Oyxon Iforzoda "So`g`diyona" gazetasi mehmoni.
— Sizni ko`rib turganimizdan xursandmiz! Yosh, ijodkor onaning hayoti qanday o`tyapti?
— Juda qiziq! «Kechalari uyqu yo`q» degan so`zlar rost ekan. Bunga o`zim guvoh bo`lyapman. Ammo shunga qaramay onalikning yoqimli, shirin tashvishlari-da bu! Menimcha, har bir ayol bola parvarishining qanday mashaqqati bo`lishidan qat`i nazar ona bo`lishni niyat qiladi!
— Ilk bor farzandingizni qo`llaringizga tutqazishganidagi hissiyotlarni eslaysizmi?
— «Nega bu bunchalik og`ir» degandim (kuladi)
—Katta vaznda tug`ildimi?
— To`rt kiloyu uch yuz vaznda dunyoga keldi pahlavonimiz! Bo`yi
— Qolganlarining ham ro`yobini ko`ring!
— Aytganingiz kelsin!
— Adashmasam, homiladorlikning so`nggi oylarigacha ijoddan ortmadingiz?
— Homiladorlikning ettinchi oyiga kelib, o`zimga-o`zim ta`til berdim. Ammo «To`yimizga sizlarni niyat qilgandik», «Yana bitta s`yomkada qatnashsangiz, bas, shu oxirgisi» qabilidagi iltimoslarga yo`q deyolmay, yana bir oyni o`tkazib yubordim. Dekabr oyi boshlanganida esa «Endi dam olmasam bo`lmaydi» deya, ko`proq sayr qildim. Chiroyli manzaralarni tomosha qildim, bama`ni insonlar bilan hamsuhbat bo`ldim, yoqimli musiqalar tingladim. Ko`zim yorishidan ikki hafta oldin men boshlovchilik qilib kelayotgan ko`rsatuvning Yangi yil sonini suratga olishdi. Tabiiyki, men ham s`yomka jarayonida ishtirok etdim, «Kelmasangiz bo`lmaydi», deyishdi-da.
— Qiynalmadingizmi, axir homiladorlikning so`nggi oylari nisbatan og`irroq o`tadi?
— O`ylab ko`rsam, homiladorligimda juda erkatoy bo`lib qolibman. S`yomka jarayonida hamma ko`nglimga qarardi, shirinlik eyishni istasam, darrov muhayyo etishardi. Yaqinlarimning asrab-avaylashlari bilan to`qqiz oyni o`zimni urintirmay o`tkazdim.
— Bugun «oyisi» deyishlari qanday eshitilyapti?
— Noodatiy, rosti. Sababi «Falon insonning rafiqasi» deyishsa, g`alati bo`lardim, endi bo`lsa «Amirshohning onajoni», deya chaqirishyapti. O`rganishim biroz qiyin bo`lyapti-yu, lekin yoqimli! Go`yo uzoq yillar farzand kutgan ayoldek to`lib-toshib so`zlayotganimga hayron bo`lyapsizmi? Tabiatan bolajonman, jiyanlarimni o`zim katta qilganman. Rayhon opamning kenjatoyi Maryam, turmushga chiqqanimdan so`ng dunyoga kelgani bois uni boshqa jiyanlarim singari parvarishlolmadim. Ammo hozir xola-jiyan til topishib qolganmiz. Rayhon opam s`yomkaga ketadigan bo`lsalar, Maryamni menga qoldirib ketadilar, xuddi egizaklari bor onadek, ikkisiga qarab o`tiraman (kuladi). Tez-tez ko`rishib turganimizgami ba`zan Maryam opam ikkimizni adashtirib qo`yyapti.
— Amirshoh olti oylik bo`ldi-a?
— Ettinchi oyga qarab ketyapmiz!
— O`ziga xos qiliqlari paydo bo`la boshlagandir?
— Har kuni yangi qiliq chiqaryapti. Ayrimlarini ko`rishga ham ulgurmay qolyapmiz. Ishdan qaytganimda, oyijonim «Kutib turing, bugun mana bunday qildi», deydilar-u, so`ng hammamiz nima qiliq chiqardiykan, deya kutib o`tiramiz. Aksiga olib o`sha kuni uxlab qoladi. Bir kunlik chaqaloqlik payti boshini ko`tarib qo`yardi, bir oylik bo`lganida qorniga, yon tomonga o`girila boshladi. Hozir bo`lsa, arazlashni o`rganib olgan. Odam ajratadigan odat chiqargan. O`tirgan bo`lsangiz, sizga bormaydi. Tik tursangiz, yo`q demaydi, chunki siz bilan sayr qilish mumkinligini biladi-da.
— Hoynahoy chaqaloqligidanoq tez-tez sayrga olib chiqqansiz, shunday?
— Kichik chillamiz chiqishi bilan sayrga chiqa boshlaganmiz. Yomg`ir yog`adimi, qormi, kun quyoshlimi yoki bulutli, albatta, sayr qilardik. Ko`cha aylanishni yaxshi ko`rishi shundan. Favvoralarni tomosha qiladi, daraxt barglarining shitirlashini kuzatadi. Lekin qizaloqlardan o`zini olib qochadi, biror kim u bilan o`ynamoqchi bo`lsa, darrov qovog`ini uyib oladi. (o`g`liga qarata) Judayam jiddiy, doim qoshi chimirilgan, hammaga ham tabassum qilavermaydi, sizni yoqtirsagina kulib qo`yishi mumkin.
— Buni qarang, o`zi kichikkina-yu, halitdan xarakterini ko`rsatyapti?..
— Nimasini aytasiz, fe`l-atvori shakllanib boryapti. Tug`ilgan kunidan boshlab to hozirgacha har uch soatda ovqatlanadi, buni atay o`rgatmaganman. Har uch soatda qorni ochiqqanini bildirib, g`inshib qo`yadi, ungacha sira injiqligi yo`q. Buni aytishim joizmi yoki yo`q, bilmadim-u, ammo farzandimni 10 yanvar sanasida dunyoga kelishini niyat qilgandim.
— Buning biror sababi bormi?
— 1 yanvar kuni tug`ilsa, Yangi yil bayramining ertasi bo`lardi. Ulg`aysa do`stlari bilan qanday nishonlaydi, bayramdan keyin hamma charchagan bo`ladi, kim keloladi, kim esa yo`q, deb o`ylandim. Negadir 10 yanvar sanasini mo`ljallayverardim, o`zimcha. Va buni qarangki, 9 yanvar sanasining eng so`nggi daqiqalarida to`lg`oq boshlanib, 10 yanvarga o`tganida ko`zim yoridi.
— Punktuallikka o`zingiz o`rgatgan ekansiz-ku, Oyxon?
— Ehtimol, lekin haqiqatan ham shunday. O`g`lim bilan xuddi kattalardek suhbatlashaman. Iltimos qilsam kechasi uyg`onmaydi, injiqlik qilganida koyib bersam, boshini egib oladi. Amirshoh kelgusida o`ta jiddiy, ammo shu bilan birga mehribon yigit bo`lib ulg`aysa kerak. Men farzandimni ana shunday tasavvur qilyapman.
— Jiddiyligi kimdan o`tgan?
— Bilmasam, homiladorligimda his-xayajonga beriluvchan bo`lib qolgandim, sal narsaga ko`nglim bo`shab ketardi. Turmush o`rtog`im drama janridagi filmlarni tomosha qilishni taqiqlab qo`ygandi hatto. Negaki ikki sevishgan bir-biriga dil izhor qilayotganiga ko`zim tushsa ham, yig`lab yuborardim. Kimdir menga yaxshi gapirsa ham, ko`z yoshim yumalab ketardi. Amirshohdagi jiddiylik dadasidan o`tgan, menimcha. Umr yo`ldoshim sahnada hazilkash inson, hayotda esa jiddiyligi bor.
— Bola parvarishida kim bilan ko`proq maslahatlashyapsiz?
— Birinchi o`rinda eng yaqin maslahatchilarim, bu oyijonim va volidamdir. Opam va kelinoyimdan ko`p narsalarni o`rganyapman. Ijtimoiy saytlardagi forumlarni kuzatib boraman. Ko`z tegmasin, shu choqqacha biror muammoga duch kelganim yo`q, faqat bir marotaba isitmasi ko`tarilganida, mustaqil chora ko`rishimga to`g`ri keldi. Soat allamahal bo`lib qolgani bois kattalarni uyg`otishga ko`zim qiymadi va jiyanlarimga qaraganimda opam, kelinoyim qanday yo`l tutishganini esga oldim. Spirt eritmasi bilan qo`llarimni ishqalab, bolajonimning badaniga surtdim. Shukr, isitma tushdi.
— Enagangiz ham bor ekan?
— Enaga emas, bola parvarishida yordamchim desak, to`g`riroq bo`ladi. Qaynota-qaynonam ishli odamlar, turmush o`rtog`imning ham vaqti tig`iz, shunga ham yordamchi olishga qaror qildik. Ayni dam ijodga qaytyapman, tabiiyki, bola bilan bir o`zim qiynalib qolishim mumkin.
— Nilufar Usmonova bilan suhbatda, xonandaning qirq kunlik chillada 11 kilogramga ozganini bildik. Sizda ham qomatni tartibga keltirish masalasi ko`tarilgandir?
— Farzand kutayotganimda xamirli taomlarga boshqorong`i bo`ldim. «Semirtiradi» deya o`ylanib qolganimda, turmush o`rtog`im bir gap aytdilar: «Sen hozir yo qomatingni o`yla, yoki tug`ilajak farzandimizni. Senga qay biri muhimroq». Tug`ruqdan so`ng ozroq to`lishdim, ammo bu iste`mol qilganlarimga bog`liq emas. Negaki homiladorlikning oltinchi oyiga qadar hech nima eyolmaganman. Chilla paytida anchagina ortiqcha vazndan xalos bo`ldim, chunki bolajonimni ko`krak suti bilan parvarishlayotgandim. Ammo Amirshoh bir yarim oylik bo`lganida ko`krak sutidan yuz o`girdi. Shuni bildimki, bola ona suti bilan boqilsa, ayolning ozishi ham osonlasharkan. Hozir bo`lsa, fitnes mashqlariga qatnayapman, asta-sekin avvalgi vaznimga qaytaman hali. Asosiysi, farzandim sog`-salomat, qomat esa o`zgaruvchandir.
— Qo`ng`iroqlashganimizda ish jadvalimga qarab olay degandingiz?
— Hamma ayollar kabi tug`ruq ta`tilida bola parvarishi bilan band bo`laman, deb rejalashtirgandim. Qayda, farzandim ikki oylik bo`lganidayoq, ijodga qaytdim. Lekin bu bilan faqat ish, ish derkan-da, deya tushunmang. O`zim uchun ish jadvalini tuzib olganman, qachon, qaerga borishim, kim bilan uchrashishim tartibga keltirilgan. Buning orasida o`g`lim bilan sayr qilish, uni parvarishlashga esa alohida vaqt ajratiladi. Yangi mavsumda telekanallarning birida turmush o`rtog`im bilan yangi loyihani havola etamiz.
— Er-xotinning hamkasb bo`lishida qanday murakkabliklari bor? Oson tarafi-chi nimada?
— Turmush o`rtog`im bilan o`n yil mobaynida do`st bo`lganmiz, so`ng munosabatlarimiz muhabbatga aylangan. Ish jarayonida bir-birimizni to`ldirib turamiz, yarim og`iz so`zdan tushunamiz, kayfiyatimizni bila olamiz. Murakkabligi esa zimmamdagi mas`uliyatning kattaligi, nazarimda. Tadbir yoki to`y xizmatlariga yo`l olsak nafaqat o`zimning, balki umr yo`ldoshimning ham ust-boshini tayyorlayman, tartibga keltiraman. Shularni aytmasa, birga ijod qilishimiz ikkimizga ham qulay.
— Akangiz Jahongir yaqinda ikkinchi bor ota bo`ldi, sal avval opangiz Rayhonning qizalog`i dunyoga keldi, keyin siz. Oilangiz safi kengayib boryapti?
— Xudo shukr. Bir sirni ochishim mumkin, nasib qilsa, kuz oylariga singlim Zulayho ham farzandli bo`ladi. Hozir onam olti nabiraning buvijonisilar!
— Opa-singlingiz Rayhon va Zulayho bilan birgalikda ijro etilgan qo`shiq internetda mashhur bo`lgandi. Yana shu kabi chiqishlarni kutib qolamiz degan izohlarga javob bo`lmadi keyin?
— Asli bu tasodifiy videorolik. Uch opa-singil tadbirdan qaytib, rasmga tushayotgandik. Qo`shiq kuylashimiz esa opa-singillar an`anasi. Akamning videoga olayotganini bilmay kuylayveribmiz, keyin bilsak, rolik internetga joylanibdi. To`g`ri, ko`plab izohlar bo`ldi, yana bo`lsin degan mazmunda. Lekin bugun uchovimizning ham o`z oilamiz bor, yig`ilib qolsak, qo`shiq kuylashimiz mumkindir-u, ammo gapimiz tugamaydi-da. Bir xonaga kirib olib, soatlab suhbatlashamiz, onajonimiz safimizga qo`shilsalar, to`rt dugonaga aylanamiz. Uchovimizning oramizda etti yildan farq bor, shunday bo`lsa-da biz xuddi dugonalardekmiz.
— Ahilchiligingizga ko`z tegmasin!
— Rahmat!
BLIS:
—Shaxsiy omad formulangiz?
—Oilam!
—Oyxon avval gapiradi, keyin o`ylaydimi?
—Ba`zida.
—Erning achchig`i kelganida ayol...
—Past kelishi kerak.
—O`zi bilan gaplashadigan odam telbami?
—Yo`q, o`zi bilan gaplashadigan inson dono bo`lsa kerak, deb o`ylayman, mendayam bor-da bunaqa odat.
—Yaxshi ona bo`lish uchun Oyxon nimalarni o`zi uchun muhim deb bilyapti?
—Farzandimiz uchun ba`zan o`z ehtiyojlarimizni chetga surishimiz kerak ekan. Mana shu men uchun muhim qoida.
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi
Fotomuxbir: G`ayrat UBAYDULLAEV