Bugun Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida O`zbekistonda eng katta palov tayyorlandi, deya xabar qildi “Uzbekistan24.uz”. Ekspertlarning qayd etishicha, rekord miqdordagi ushbu taomning og`irligi 6 tonnani tashkil etdi.
Palov diametri 4,2 metr, hajmi deyarli 8 ming litr bo`lgan qozonda pishirildi. Ushbu qozon Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mazkur tadbir uchun maxsus quyib tayyorlangan. Qozonning umumiy og`irligi 7 070 kg., chuqurligi 1 metr. O`choqning og`irligi esa deyarli 3 tonna.
Palovni tayyorlash uchun rekord miqdordagi masalliqlardan foydalanildi. Xususan, 826 kg. mol go`shti, 825,5 kg. qo`y go`shti, 195 kg. dumba va eng asosiysi, 1 650 kg. guruch qozonga solindi. Shuningdek, 2,4 kg. sabzi, 185 kg. piyoz, 350 litr o`simlik yog`i, 480 kg. tuz ham ishlatildi hamda 4,5 kg. zira, 165 kg. zirk, 90 kg. no`xat va 3 kg. qora murch bilan palovning ta`mi rostlandi.
Ushbu palovni tayyorlash uchun O`zbekistonning 50 dan ziyod taniqli oshpazlari jam bo`lishdi. Ular taomni 2 metrli kapgirda aralashtirib, suzishdi. Tayyor taom tadbir mehmonlari hamda Olmaliqning 22 mingdan ziyod aholisiga tarqatildi.
Tashkilotchilarning ma`lumotlariga ko`ra, bu tadbir dunyodagi eng katta palovni tayyorlash oldidan repetisiya jarayoni edi. O`zbekistonda tayyorlangan eng katta palov bo`yicha dunyo rekordini o`rnatish va uni Ginnes rekordlari kitobiga kiritish uchun rasmiy urinish shu yilning 8 sentyabrida “O`zbegim” an`anaviy madaniyat festivali doirasida bo`lib o`tadi.