Samarqand shahrining “Qo`shchinor” mahallasidagi Sadriddin Ayniy ko`chasida 14 avgust kuni soat taxminan 14:00 da yong`in yuz berdi. Samarqand shahar YXB ma`lumotiga ko`ra, yong`in gaz ballonning nosozligi sababli kelib chiqqan. Bu haqda STV telekanaliga asoslanib, “Daryo” xabar bermoqda.
Natijada olov qo`shni uylarni ham qamrab olgan. Voqea joyiga etib kelgan o`t o`chiruvchilar uzoq vaqt alangani jilovlay olmagan. Yonayotgan uy oldida juda ko`p odam to`plangan. Ikkita o`t o`chirish mashinasi yong`inni o`chira olmagani sababli yordam kuchi chaqirilgan.
Soat 15:00 da olovni o`chirish uchun 10 ta o`t o`chirish mashinasi va qariyb 40 nafar o`t o`chiruvchi jalb qilingan.
Bu vaqtda alanga qo`shni uylarga ham o`tishga ulgurgan. Ma`lumotlarga ko`ra, jabrlanganlar yo`q.
Keyinroq olingan ma`lumotlarga ko`ra, yong`in kelib chiqqan uyda tez yonuvchan plastmassa va rezina materiallar, avtomobil gaz ballonlari bo`lgan. Qo`shnilarning so`zlariga ko`ra, yonib ketgan uy egasi avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug`ullangan. Kechki soat 21:00 ga boribgina yong`inni to`liq o`chirishga muvaffaq bo`lingan.
Norasmiy ma`lumotlarga ko`ra, yong`in qariyb 180 kvadrat metr maydonni egallagan, sakkizta hovli yonib ketgan. Yong`in oqibatida yuzaga kelgan moddiy zarar hozircha hisoblanmagan.






