O`tgan haftada ayrim internet nashrlarida 15 avgust kuni Oliy sud raisi Kozimjon Komilov tomonidan o`tkazilgan fuqarolarning shaxsiy qabuli davomida "darg`azab olomon" tomonidan sud binosi "shturm qilinganligi" haqida xabarlar chop etildi.
Oliy sud matbuot xizmati ushbu ma`lumotlarga raddiya berdi.
"Haqiqiy holatni buzib ko`rsatgan ayrim nashrlar mualliflari o`quvchilarga 'g`azablangan fuqarolarning kuchli baqiriqlari', 'mustahkam bekitilgan darvozalarning buzib tashlangani', '300−400 kishi' va hokazo xabarlarni tarqatdi. Afsuski, mazkur vebsaytlar internetda tarqatilgan axborotni tekshirib ko`rmasdan xulosa chiqarishga shoshildi, aslida sodir bo`lgan hodisani bo`rttirib ko`rsatishdi", — deyiladi xabarda.
Raddiyada ma`lum qilinishicha, shu kuni 9:30dan 21:00 gacha Kozimjon Komilov tomonidan fuqarolik, jinoiy, ma`muriy va iqtisodiy ishlar yuzasidan 100 dan ortiq kishi qabul qilindi. Shuningdek, 27 kishidan ariza va shikoyatlar olindi, 72 kishi turli masalalar bo`yicha og`zaki murojaat qildi.
Qabul chog`i Oliy sud binosi darvozasi oldida kutib turgan bir necha fuqaro ichki ishlar va sud xodimlarining e`tiborini chalg`itib, o`zboshimchalik bilan navbatsiz qabulga kirish maqsadida binoga kirgan. Ular bino foyesida qabul tartibi haqida tushuntirish oldi, bir qismlari rais, qolganlari rais o`rinbosari va sudyalar tomonidan qabul qilingan.






