O`zbekiston noyob jonivor — sayg`oqlar saqlanib qolgan dunyoning atigi beshta mamlakatidan biri hisoblanadi.
Sahro kengliklarida yashashga moslashgan bu jonivorlar tabiat injiqliklaridan emas, balki odamzodning hakalak otgan nafsi tufayli qirilib ketayotgani ayanchlidir. Ular nafaqat go`shti, eng avvalo qimmatbaho shoxlari uchun brakonerlarning o`ljasiga aylanmoqda.
Xususan, Xitoy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari tabobatida hozirga qadar keng qo`llanilayotgani bois sayg`oq shoxlari mo`may daromad orttirish vositasiga aylanib ulgurgan.
Sayg`oq va jayron milliy va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan bo`lib, uni ovlash respublikamizda ta`qiqlangan.
Afsuski, O`zbekistonda sayg`oqlar va jayronlarni asrash, ular yashab, ko`payadigan hududlarni muhofaza qilishga alohida e`tibor berilayotganiga qaramasdan, qonunga xilof tarzda ovlangan bu hayvonlarning shoxlarini yashirin ravishda olib chiqishga bo`lgan urinishlar ko`zga tashlanmoqda.
Yaqinda Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari sayg`oq va jayron shoxlarining noqonuniy olib chiqilishining oldini olishdi.
“Qoraqalpog`iston” temir yo`l-chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Toshkent-Volgograd” yo`nalishi bo`yicha hararkatlanayotgan yo`lovchi poezdi bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, yo`lovchilardan biri fuqaro J.To`xtasinov (maqoadagi ism-shariflar o`zgartirilgan) yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va bojxona xodimlarining og`zaki so`rovlari paytida ma`lum qilinmagan 8 dona sayg`oq va 4 dona jayron shoxlarini yashirin ravishda olib chiqishga uringani fosh etildi.
Shuningdek, ushbu poezdning yana bir yo`lovchisi S.Abduqodirov ham 7 dona sayg`oq va 7 dona jayron shoxlarini bojxona nazoratidan chetlab o`tib, olib chiqib ketayotgan paytda to`xtatib qolindi, deya xabar bermoqda Qoraqalpog`iston Respublikasi bojxona boshqarmasi axborot xizmati.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo`yicha tegishli ekspertlarning xulosasiga ko`ra, ushbu qonunbuzarliklar ortidan tabiatga etkazilgan zarar miqdori 97 mln. so`mdan oshgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ashyoviy dalil tariqasidan olingan mazkur hayvon shoxlari esa Qoraqalpoq Davlat O`lkashunoslik muzeyiga topshirildi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi Qonuniga binoan yovvoyi hayvonlarni, shuningdek ularning qismlarini O`zbekiston Respublikasidan olib chiqish tabiatni muhofaza qilish organlari beradigan ruxsatnomalar asosida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O`zbekiston Respublikasidan g`ayriqonuniy ravishda olib chiqishga urinish chog`ida ushlab qolingan yovvoyi hayvonlar, shuningdek ularning qismlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda olib qo`yiladi.