Ayni paytda Qarshi – Termiz yo`nalishida elektrlashtirish ishlari jadal sur`atlarda olib borilmoqda. Loyihaning qiymati 481,759 million AQSh dollarini tashkil etadi. Qarshi – Termiz temir yo`l yo`nalishining umumiy uzunligi 325 kilometr bo`lib, Darbandgacha 183 kilometrli yo`l to`liq elektrlashtirildi va elektrovozlar harakati yo`lga qo`yildi.
Buning uchun 10000 ga yaqin tutashtiruv tayanch ustunlari uchun maxsus chuqurlar qazilib, 8000 ga yaqin poydevor, 7520 dan ziyod temir-beton va metall-tayanchlar, 4200 dan ortiq konsollar o`rnatildi. Ushlab turuvchi tross hamda kontakt simlari tortildi. Xullas, mavjud temir yo`lda endi bemalol zamonaviy elektrovozlar harakatlanishi mumkin. Hozirda “Darband – Termiz” uchastkasida ham qurilish-montaj ishlari qizg`in davom etmoqda.
Qarshi – Termiz temir yo`lining elektrlashtirish ishlarida so`nggi zamonaviy texnologiyalardan foydalanilmoqda. Jumladan, Fransiyadan keltirilgan 3 ta drezina mazkur liniyaga jalb qilingan, shuningdek, 3 ta maxsus ishchi poezd belgilangan ishlarni tezroq, sifatli bajarishda muhim omil bo`lmoqda. Kerakli barcha ehtiyot qismlari o`z vaqtida etkazib berilmoqda. Ishchi-xizmatchilarning ovqatlanishi va dam olishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Loyihaga ko`ra, Boysun tayanch nim stansiyasi ishga tushirildi, shuningdek, Dehqonobod, Oqrabot va Toshguzarda ham elektr tortish stansiyalari shay holatda. E`tiborlisi, qurilayotgan ob`ektlarda zamonaviy avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi, elektr energiyasi sarfini hisob-kitob qilishni avtomatlashtirish tizimini (ASKUE) qo`llash rejalashtirilgan.
Elektrlashtirish loyihalari asosida "O`zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda elektr tortish stansiyalarining tashqi elektr ta`minoti bo`yicha qurilish-montaj ishlari ham olib borilmoqda. Kontakt tarmog`ini o`rnatish uchun zarur bo`lgan butlovchi qismlar, asosan, mahalliylashtirish asosida O`zbekistonda ishlab chiqarilmokda. Bu esa o`z navbatida, qurilish xarajatlarini kamaytirib, yangi ish joylarini yaratishga imkon beryapti.






