Qizchaning to`liq ismi-sharifi Angela Merkel Muhammad bo`lib, Angela ismi, Merkel esa ikkinchi nomi hisoblanadi, deb xabar berdi Tass.ru nashri.
Germaniyaning janubiy qismida yashovchi suriyalik er-xotin dunyoga kelgan qizaloqlarini GFR kansleri sharafiga Angela Merkel, deb atadi. Qizcha 16 avgust kuni Myunster shahrida tug`ildi.
Muhojir oila 2015 yilda Suriyadan Germaniyaga kelgan. O`shanda Evropaga muhojirlar oqimi yopirilgan, natijada kuniga Germaniyaga 10 ming nafardan ortiq muhojirlar kelgan, bu voqealar Merkel reytingining tushishiga, mamlakat fuqarolarining noroziligiga sabab bo`lgan edi. Bora-bora barcha noroziliklar barham topdi.
Myunster shahridagi avliyo Fransisko klinikasi vakilining ma`lumot berishicha, suriyalik oila mazkur harakati bilan Germaniya kansleriga o`z minnatdorchiligini bildirgan. Bu muhojirlarning Germaniya kansleriga nisbatan bildirilgan ilk minnatdorchiligi emas, 2015 yilda ganalik muhojirlar ham qizlarini mazkur nom bilan atashgan edi.






