Poytaxtdagi "City Palace" mehmonxonasining anjumanlar zali xushmanzara ko`rinish kasb etdi. Turfa chiroqlar yog`dusi, bayramona bezaklar, sohir kuy-qo`shiqlar sadosi dillarga huzur, ko`tarinki kayfiyat bag`ishladi, deb xabar beradi O`zA.
Bu erda O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Ozod yurt to`lqinlari» X an`anaviy media festivali bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriev, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o`rinbosari K.Beknazarov, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori A.Burhonov, O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi raisi F.Abduxoliqov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ijod ahliga ko`rsatilayotgan alohida g`amxo`rlik va yuksak e`tibor mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarini yangidan-yangi yuksak marralar sari chorlayotgani, ijodiy barkamollikka undayotganini ta`kidladi. Bu jihatlar «Ozod yurt to`lqinlari» festivali ishtirokchilari – nodavlat teleradiokanallari faoliyatida ham yaqqol namoyon bo`lmoqda.
Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligiga bag`ishlangan mazkur festival O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi moliyaviy ko`magida har yili an`anaviy tashkil etib kelinadi. «Ozod yurt to`lqinlari» festivaliga joriy yilda 350 ga yaqin ijodiy ish kelib tushdi.
Ijodiy ishlar «Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston!» degan bosh g`oyani o`zida mujassam etgan eng yaxshi teleradioloyiha», «2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini eng faol yoritgan teleradiostansiya», «O`zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish jarayonlarini yoritishga bag`ishlangan eng yaxshi teleradiodastur», «Aholi, xususan, yoshlar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashni targ`ib qilishga qaratilgan eng yaxshi teleradiomahsulot» va «Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda mamlakatda millatlararo totuvlikni ta`minlashga qaratilgan eng yaxshi dastur» nominasiyalari bo`yicha baholandi.
Tanlovda "Istiqlol" teleradiostudiyasi, "Navro`z" radiostansiyasi, "Mening yurtim", "Muloqot TV", "Samarqand TV" telekanallari g`olib bo`ldi va «Ozod yurt to`lqinlari» festivali statuetkasi, diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.
"Zo`r hayajondaman. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu islohotlarni yoritishdagi harakatlarimiz yuqori baholanib, tanlov g`olibi bo`lish bizga yanada kuch-g`ayrat bag`ishlaydi, – deydi "Navro`z" radiosi boshlovchisi Yulduzxon Olimova. – Prezidentimiz tomonidan ijodkorlarga, jumladan, jurnalistlarga ko`rsatilayotgan e`tibor va g`amxo`rlikdan barchamiz birdek mamnunmiz. Albatta, bu mukofot bizni yangi marralarga chorlaydi, mas`uliyatimizni chandon oshiradi".
Joriy yilda mamlakatimiz nodavlat ommaviy axborot vositalari safiga "Milliy TV", "Zo‘r TV", "Caravan TV" hamda "Futbol TV" telekanallari qo`shildi. Festival hakamlar hay`ati taklifiga binoan mazkur telekanallar "Yil kashfiyoti" rag`batlantiruvchi mukofoti bilan taqdirlandi.
Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida xalqimiz ko`tarinki kayfiyat bilan yashamoqda, osoyishta va fayzli yurtimizda ezgu islohotlar amalga oshmoqda, shunga monand ijodkorlarimiz ham faol mehnat qilmoqda. «Ozod yurt to`lqinlari» X festivali ana shu qutlug` tantanaga hamohang ruhda o`tdi.