1

IShQ VA VIJDON

Mutolaa 23.08.2017, 12:07
IShQ VA VIJDON

Gulzorani ancha yil muqaddam (o`sha damlarni eslasam, bir asr o`tib ketgandek tuyuladi) institut bo`sag`asida uchratganman. Avaylab ushlab kelayotgan narsasiga e`tibor berdim. O`shanda uning qo`lida kitob, sumkacha yo gul bor edi, deb o`ylayapsizmi? Yo`q, odmi kiyingan ko`zlari chaqnoq, qorasoch qiz yantoq shoxchasini ko`targancha zina tomon shoshilmoqda edi. Nigohlarimiz to`qnashganda, shahlo ko`zlari baxt-sururdan yanada yashnadi. Shodu xurram go`zalga darhol gap otishdi.

— Buncha chiroyli gul ekan, yaxshi qiz!

— Nima balo, bu yil birinchi kurslarga yantoq sovg`a qilish urf bo`ldimi?

— Hoy qiz, tikanlaringizni ehtiyot qiling!..

Bir qarashimdayoq u ko`nglimga o`tirishgan edi. Yanoqlari qizarib, ko`zlari sevinchdan porlab, ahdidan qaytmay ilgarilardi. Hoynahoy, yantoq shoxchasini o`qituvchilardan biri buyurgan bo`lsa kerak. Ehtimol, darsda asqotar.

Men ham tibbiyot institutining birinchi kursiga qabul qilingandim. Tez orada ma`lum bo`ldiki, Gulzora bilan bitta fakultetda o`qirkanman, guruhlarimiz boshqa-boshqa, xolos.

Paxta hashariga chiqqanimizda yaqinroq tanishdim. Dastlab u otasi o`qituvchi, onasi kutubxonachi ekanini aytdi, ammo mendan sir yashirish ham oson emasdi, ko`p o`tmay suhbatlarimizda haqiqatni gapira boshladi. Otasi traktorchi, onasi farrosh ekan. Gulzora shaharning g`arb tarafidagi olis tumandan, men esa sharqiy tumandanman, Jizzaxga yaqin. Bir kuni opalarim hazil aralash:

— O`qishga ham o`tding, Po`lat, kelinbop qizlar bor ekanmi? — deb qolishdi.

— Ko`p ekan, — dedim. — Ismini ham aytaymi?

— Voy, ko`p bo`lsa, qaysi birining ismini aytasan? — kulishdi ular.

— Gulzora degan qiz ko`proq yoqadi.

— Qaerlik?

Manzilini tushuntirdim. Bir opam uyi uzoq ekanini ta`kidladi, ikkinchisi oilaviy ahvolini surishtirdi. Otasi traktorchi, onasi maktabda farrosh ekanini ma`lum qildim. «Bizga bu jihatdan ham to`g`ri kelmas ekan», deyishdi ikki opam. Kenja opam Mahbubaning esa jahli chiqdi.

— Said avval o`qisin, to`y qochmas, — dedi u. — Qolaversa, kelin tanlashda etti pushtini surishtirsak ham, harholda otasining puliga yoki uyining qaerda joylashganiga qaramaymiz.

— Ja haqiqatparvarsan-da, Mahbub, — katta opalarim kinoya qilishdi. — Po`latni ham pasportidagi ismi bo`yicha chaqirasan, kelin tanlashda ham kitoblardagidek boylikka, masofaga, yoshga, millatga, dinga e`tibor bermasdan faqat ko`ngilni birinchi o`ringa qo`yasan. Endigina talabalikka erishgan erkatoy ukajonimiz yolg`iz merosxo`r ekanini eshitgan qizlar chippa yopishib olishini qayoqdan ham bilarding? Seningcha, hamma qizlar hayoli, barchasi toza-ozoda-da, a? Shunaqa shayton qizlar borki, kelajakda boyvuchcha bo`lib, qiynalmasdan yashashdan boshqasini o`ylamaydi.

— Muhimi, qalbi poklik, muhabbat, rostgo`ylik, — har doimgidek bo`sh kelmadi Mahbuba opam.

Aslida opamlarning tortishuvlariga ko`p-da e`tibor bermasdim. Peshanamga kim bitilsa, o`shanga uylanaman, derdim. Umid qilardimki, yomon xotin uchramaydi. Umid qilardimki, u Gulzora bo`ladi. Sadoqatli yor, pazanda beka, mehribon ona, opalarimning orzusidagidan-da ziyoda kelin…

Vaqt o`tgan sayin Gulzoraga bog`lanib boraverdim. Ikkinchi kursda biz ancha yaqin do`stlarga aylangandik. Ko`nglimning bir chekkasida «Gulzora mening badavlat xonadonning yolg`iz o`g`li ekanimga qiziqadi, boshqa qizlarga berib qo`ymaslikka tirishadi», degan ahmoqona xayol ham yashardi. Shu xayoldan hech qutulolmasdim. Biroq Gulzora ro`paramda butunlay o`zgarar, boshqalar oldidagi sho`xligidan, kulgisevarligidan, aytish mumkinki, nojiddiyligidan asar ham qolmasdi. Go`yo men uning o`qituvchisi yoki hurmatli piri komili edim. Nafaqat tashqi ko`rinishi, xuddi shu fe`li ham yoqardi.

Kunlarning birida dugonalaridan qarzdorligi, pul janjali oqibatida hamxonalari bilan kelisholmay yotoqxonaning boshqa xonasiga ko`chgani qulog`imga chalindi.

— Sizga qancha pul kerak, Gulzora? — dedim gap orasida.

— Qanaqa pul, Said? — deya yuziga qizillik yugurdi. (Institutdagilar, jumladan, Gulzora ham pasportdagi ismimnigina bilar, qishloqda Po`lat deb chaqirishlaridan bexabar edi.)

— Tortinmasdan so`rayvering, menda pul bor… ortiqcha…

— Rahmat. Lekin bundan keyin odamni xafa qiladigan gaplardan gapirmang.

— Men to`g`ri ma`noda taklif qildim.

— Qo`ysangiz-chi, sizga oilaviy ahvolim haqida yaqin do`st sifatida gapirganman. Bu birovning, ayniqsa, kursdoshining puliga muhtoj degani emas. Balki o`tgan hafta qarz sabab anavi qizlar bilan o`rtamizga sovuqchilik tushganini eshitgandirsiz? Pul topiladigan narsa. Darsdan bo`sh vaqtlarimda ishlamoqchiman.

— Shifoxonada navbatchilik qilmoqchimisiz?

— Shunaqaroq.

— Agar siz ishlasangiz, men ham ishlayman. Qaysi shifoxona ekanini aytsangiz bas.

Gulzora hech qanday navbatchilik olmadi. Uning baholari qoniqarsiz edi. Garchi o`qishga o`z bilimi bilan kirgan bo`lsa-da, fanlarni o`zlashtirishdan tobora ortda qolayotgandi. Yordam berishni, qanoti bo`lishni, hech narsadan qiynalmasligini istardim. Istak yana bir qadam tashlashga majbur etdi. Nihoyat, sevgi izhor qildim.

— Sevishingizni bilardim, — deb erga qaradi u. — So`rashga irim qilgandim.

— Irim qilgandingiz? Buning nimasi irim?

— Esingizdami, o`qishning birinchi kuni biz bosh korpus foyesida uchrashganmiz, qo`limda yantoq shoxchasi bor edi.

— Esimda, albatta.

— Ma`naviyat bo`limidagi Jo`ra domlaning yangi ta`mirlangan xonasi uchun keltirib bergandim yantoqni.

— Jo`ra Istamov kabinetiga yantoq ilib qo`yadigan o`qituvchimi? Ma`naviyat bo`limi kishisi-ya?

— Yo`q, yantoq shoxchasini shkaf ustiga, ko`zga uncha tashlanmaydigan joyga qo`yishni men taklif qilgandim.

— Taklifingizga ko`ndimi?

— Ko`nmagandek bo`ldi-yu, o`zim joylab qo`ydim. Yangi ta`mirlangan xonaga bitta tumor etishmayotgandi.

Yuragimni shubha tig`i yaraladi. Jo`ra Istamov yaqinda institutni tamomlagan, o`tgan yili uylangan yosh yigit edi. Bir gal xotini ikkisini institut orqasida uchratganman. Xotiniga dag`al muomala qilgandi. Ma`naviyat bo`limida ishlaydigan odamning o`ziga ma`naviyat etishmay qolishi mumkin ekaniga amin bo`lgandim o`shanda. Issiq jon, tirik ko`ngil, sarkash miya-da.

Ha, birdan tarozi pallasiga Gulzora chiqdi. Sevgilim yordamga muhtoj, qoniqarsiz o`qiydigan, chiroyli, har gapga ko`nadigandek sodda (institutga yantoq ko`tarib kirgan, axir!) ko`rinadigan talaba qiz edi. Jo`ra domla unga talabasidek qaramasligi ham ehtimoldan xoli emasdi. (Nega Gulzora keltirgan alafni otib yubormadi? Indamadi, ko`ndi, eridi…)

Ammo badgumonlik o`tdi-ketdi. Yuragimga buyruq berolmasdim. Ishq to`lqinlari gumon sohillaridagi mayda-chuyda kirlarni yuvib yuboraverdi. Gulzoraning kamchiliklarini ko`radigan ko`zim, eshitadigan qulog`im yo`q edi. U men kutgandan-da ideal qizga aylanadigandek, boshqacha bo`lishi mumkin emasdek edi, faqat mening o`zim hozircha biroz g`o`rdekman.

Uchinchi kursga o`tganimda uylantiradigan bo`lishdi. Ota-onam kelin-kuyovni o`qitishga, oyoqqa turguncha boqishga kuchlari etadigan insonlar emasmi, orzu-havaslar tezroq ushalishini xohlashardi. Sentyabrda ularga Gulzorani aytdim.

— Anavi qizmi, otasi traktorchi, onasi farrosh? — lab burishdi opalarim.

— Avval qizni ko`ringlar, namuncha tabaqabozlik? — achchiqlandi Mahbuba opam. — Ota-onasi mansabdor bo`lsa, qizidan yaxshi kelin chiqadi, degan falsafani qaysi xomkalla donishmand yozib qoldirgan ekan?!

— Ota-onasi oddiy bo`lsa, yaxshi kelin chiqadi, deyilganmi? — bo`sh kelmadi katta opamlar.

— Bahslashmanglar, biz qizni surishtiramiz, — dedi onam.

— Oshiq bolaning ko`nglini sindirmasdan kelinni bir surishtiringlar, — ma`qulladi otam.

Dushanba kuni shaharga olam-olam quvonch bilan qaytdim. Darslarda ham ana uchaman-mana uchaman deb qushdek engil o`tirdim. Tanaffusda Gulzorani axtarib, shifoxona hovlisiga chiqqanimda, u burchakdagi daraxt tagida bir erkak bilan nima haqidadir qizg`in gaplashayotganiga ko`zim tushdi. Ko`zim tushdiyu panaladim. Nazarimda, ular yaxshilik yuzasidan uchrashmagan edilar. Erkak kimnidir haqoratlab, jahl bilan qo`l siltadi. Ortiga o`girilganida, tanidim: u Jo`ra domla edi. Yuragim uvishib, ko`zoynagimni artdim-da, yana tikildim. Gulzora ham qo`lini silkib-silkib allanimalar dedi, xuddi o`qituvchisi emas, tengquri edi. Keyin Jo`ra domla Gulzoraga nimadir tutqazdi. Yanglishmasam, pul edi. Gulzora oldi.

Dars tugaganida, Gulzorani chaqirdim.

— Nima gaplar? — dedim zo`rma-zo`raki jilmayib.

— Tinchlik, — tabassum hadya qildi Gulzora ham. — Yotoqxonagami?

— Parkka kirsak degandim, gaplashadigan gap bor.

— Hozir-a? — soatiga bezovta nigoh tashladi u. — Maylimi, kechqurun gaplashsak? Bir ish bilan ketayotgandim.

— Ishingiz shunchalik muhimmi?

— Muhim edi-da… — uzrxoh egnini qisdi go`zal.

— Menga aytolmaysizmi?

— Keyin…

— Xo`p, unda kutamiz, — dedim.

Gulzora bir necha qadam tashlab, burilib qaradi.

— Said, menda qanday ishingiz bor edi o`zi? — deb so`radi.

— Avval ishingizni bitiring. Xotirjam gaplashiladigan gap.

— Har doimgidekmi?

— Bugun sal boshqacha, — degandim, u kulimsirab, qo`l uchini qimirlatib xayrlashdi.

Kutubxonaga kirdim, lekin xayolimni yig`ib ololmadim. Gulzora qanday qiz? Ayrim mish-mishlarga ko`ra, va`daboz, yolg`onchi va pismiqmi? Yoki o`z ko`zim bilan ko`rib turganimdek oddiy oiladan chiqqan ming tirishib, ming chiranib o`qiyotgan, kelgusida etuk shifokor bo`lishga urinayotgan harakatchan qizmi? Yo`q, men o`z ko`zim bilan faqat shularni ko`rayapmanmi? Jo`ra Istamov bilan nimani gaplashdi? Umuman, u nega yordami tegadigan o`qituvchilar bilan apoq-chapoq bo`lishga urinadi?

Ikkilanayotganimni sezib, o`zimdan xafa bo`ldim. Gulzora o`qishni ham, ro`zg`orni ham eplaydi, bu aniq-ku. Ishq olovim sust shekilli, boz ustiga, o`zim shunaqa qo`rqoqman. Gulzoraga hamma sharoit yaratiladi. Undan mehr-muhabbat va harakat talab etiladi, xolos. Ammo baribir qandaydir omadsizlikmi, baxtsizlikmi soya soladigandek tuyulaverayapti. Gulzorada men ko`rmayotgan yana qanday belgidan ko`nglim bezovta?

Yotoqxonaga kelib, to`polon ustidan chiqdim. Talabalar, o`qituvchilar to`planishgan edi. Qo`shni guruhdagi qiz Gulzoraga yig`lab tarmashdi:

— O`tgan yili sendek dugonadan voz kechib, bekorga boshqa xonaga haydamadim! Sen fitnachisan! Ilonning yog`ini yalagansan! Qanchaga sotilganingni ayt! Hammaning oldida tan ol! O`sha pulni o`zim berardim, xoin! Pul olayotganningni ko`rganlar bor, ichiqora, yollanma, pastkash, malay!

— Yig`ishtir tuhmatingni! — o`shqirdi Jo`ra Istamov. — Qilg`ilikni sen qilding, Gulzora emas! Kim bu yigit? Yotoqxonada, aynan sening xonangda nima qilib o`tiribdi? Institut sha`nini ham bulg`ading-ku!

— Biz ushladik, tamom! — dedi notanish ayol xotin-qizlar bo`yicha mas`ul xodimaga. — To`g`rimi, opa? Endi kelin qilmaymiz. Mish-mishlar rost chiqdi.

Aytishlaricha, Gulzora pul evaziga kursdoshimizning izidan josuslikka tushganmish. Qizdan ancha vaqtdan beri shubhalanayotgan kuyov tomon shunday yo`l tutishibdiki, eshikni qulflab, yigiti bilan uchrashayotganini ko`rishlari shart ekan. Gulzora eshikni taqillatibdi. Qiz kimligini so`raganida, Gulzora qarzini qaytarmoqchiligini aytibdi. Eshik ochilibdi va kuyov tomondan kelgan haligi xotin bostirib kiribdi.

— Pul olganim yo`q, — dedi o`sha kun Gulzora menga. — Unashtirilgan kuyovining ayg`oqchi ammasini ham tanimasam. Yo`lakda turgan ekan, birortasini kutayapti, deb o`ylabman.

Tabiiyki, Gulzoraning gapiga ishonmadim. Shu yil uylanishim haqida ham lom-mim demadim. Uning daraxt tagida Jo`ra Istamovdan nimadir olganiga shohid edim. Bo`lajak kuyovini aldab yurgan kursdoshimizning yotoqxonada qo`lga tushishi butunlay boshqa masala, Gulzoraning aldayotgani boshqa masala edi. Yolg`onchi ekanigina yuragimni bezovta qilib kelayotganini tushunib etdim. O`sha kuniyoq ikkinchi tasodif buni isbotladi. Mast yigit Gulzoraga gap otgan edi, asablarim pand berib, bir tarsaki tushirdim. Ikkimiz jiqqa musht bo`ldik. Xiyobon chekkasida milisiya patruli turgan ekan, bir zumda etib kelishdi. Uchalamizni ham ichki ishlar bo`limiga olib borishdi.

— Qizdan soat so`ragandim, bu yigit birinchi bo`lib qo`l ko`tardi, — dedi mast. — Nima, qizlarga gapirish mumkin emasmi? Noto`g`ri gapirganimni tushuntirishsa, olam guliston edi, tiz cho`kib uzr so`rardim. Darrov urish shartmi?

— Guvoh gapirsin, — to`rdagi xodim Gulzoraga imo qildi.

— Birinchi bo`lib Said urmadi, u… bezori urdi… — dedi Gulzora.

Men oqlandim. Ko`chaga chiqdik.

— Nega yolg`on gapirasiz, Gulzora? — dedim yurak-bag`rim ezilib.

— Vaziyatdan chiqish kerak-ku, Said, — o`zini oqladi u.

— Bu shunchaki yolg`on emas… tushuning…

— Men parkka nega chaqirgandingiz? Sal boshqacha gap deb aldaganmidingiz?

— Ha, aldagandim, — deb ichimda yig`lab yubordim.

Aldov — naqadar jirkanch dushman edi. Opalarimning tekshiruvidan Gulzora o`tolmasligi aniq bo`lib qolgandi. Haqiqatan ham, ular institutga kelishgach, ota-onamga hisobot berishdi:

— Po`lat topgan qiz qip-qizil shantajchi ekan. Yotoqxonada o`z dugonasini ushlab beribdi. Yana kimlarningdir gaplarini rektoratga etkazarkan. Laychami, ayg`oqchimi, allambalo qiz.

— Said, — dedi Mahbuba opam ham bosh egib, — xafa bo`lma-ku-ya, u qiz senga munosib emas. Yuragida sevgi bor bo`lsa bordir, lekin yolg`onlari-chi? Otasi soxta guvohlik bergani uchun qamalib chiqqan ekan. Senga shu haqda aytganmi?

— Yo`q.

— Biz boshqa qiz topamiz.

Shunday qilib, meni universitetning pedagogika fakultetida o`qiydigan uzoq qarindosh qizga unashtirishdi. Kuyov bo`lganimni Gulzora ko`rmadi. Uchinchi kurs oxirida u o`qishdan haydaldi. Sabab ikkita edi: imtihonlardan o`tolmaganligi va Jo`ra Istamovning pora olishida vositachilik qilgani…

Dardimni hech kimga yorolmasdim, hatto Gulzoraning o`ziga ham. Muhabbat va vijdon betinim kurashardi. Ikki oliy tuyg`u nechun yov bo`ldi, tushunolmasdim.

Shu-shu Gulzora ko`rinmay ketdi. O`qishni tugatgach, o`zimizning tumandagi jarrohlik bo`limiga ishga kirdim. Ko`nglimning bir chetida hamon Gulzora xayoli mudrardi. U turmush qurganmikan? Qaerda yashayotgan ekan? Nima ish qilayapti? Nega yolg`on bilan oshna tutindi? Pulga qiziqar ekan, mendan bir tiyin ham olmadi-ku? Balki u menga oz bo`lsa-da tenglashish uchun pul dardiga uchragandir?

Va nihoyat, yillar o`tib, taqdirning achchiq yo`llarida uchrashdik. O`sha yili meni qo`shni tumanga vaqtinchalik ishga yuborishdi. Joyim kimgadir kerak bo`lgan ekan. Operasiya xonasidan chiqib, ko`zimga qalin ko`zoynakni taqqancha, yuzimdan niqobni ham olmasdan horg`in o`tirgandim, eshik ochilib, Gulzora ostona µatladi. Tujjor xotinlardek kiyingan, yuziga ajin tushgan bu ayolni dastavval taniyolmay, aniqrog`i, ko`zlarimga ishonmay hayratdan dong qotdim.

— Po`lat aka, sizmisiz? — dedi u.

Bosh qimirlatib, «Ha», deya g`udrandim.

— Men hozirgina operasiya qilingan kasalning qarindoshiman. Mana, aytganingizni keltirdim.

U gazetaga o`rog`lik narsani stol ustiga qo`ydi. Bir dasta pul edi. Pulni shu ondayoq Gulzoraga tutqazdim.

— Kechirasiz, Gulzora, — dedim, — meni kim bilandir adashtirdingiz. Poraxo`r emasman. Qolaversa, sizdan pul µam so`ramaganman.

— Sa... Said?!

— Shu ayolning orzusi ushalsin, — dedim. — Pora so`raganman. Poraxo`rman. Aytganimni keltirishini talab qilganman.

— Yo`q, unday emas! — o`kirib yig`ladi Gulzora. — Yolg`on! µammasi yolg`on!

— Bir marta rost gapiring, — dedim unga. — Meni sevganmisiz?

— Yo`q, — dedi u pichirlab.

U meni tanidi. Shu payt xonaga fuqaro kiyimidagi ichki ishlar xodimlari kirib, guvoµnomalarini ko`rsatishdi.

— Pora bilan qo`lga olindingiz, — izoµladi biri.

Men ilk bor qaµ-qaµ urib kulib yubordim. Tergovda Gulzora µammasi bo`µton ekanini, pora so`ramaganimni aytsa-da, men rad etdim.

Haqiqat µushyor. Men qamalmadim. Tergovxonadan chiqqanimda Gulzorani so`nggi marta uchratdim.

Ko`zlari yig`idan qizargan xotin “sevgi” so`zini eshitib seskanib tushdi.

Gaplariga ishondim, lekin ko`nglimning bir chekkasida yana aldayaptimikan, degan gumon bor edi...

Azamat QORJOVOV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1