Bugun "Xalq ta`limi: islohotlarning yangi bosqichi" mavzusida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi tashkil etildi. Unda xalq ta`limi vaziri Ulug`bek Inoyatov, vazir o`rinbosari Alisher Sa`dullaev, ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish bosh boshqarmasi boshlig`i Dilshod Kenjaev, ta`lim muassasalarida o`quv-tarbiya jarayonini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig`i Abdurahim Nosirov qatnashdi, deb xabar beradi "Uz24.uz"
Sessiyada umumta`lim maktablarida yagona forma joriy etilishi yuzasidan berilgan savolga xalq ta`limi vaziri Ulug`bek Inoyatov quyidagicha javob berdi:
— Har bir ta`lim muassasining o`z ichki tartib-qoidalari, odob-ahloq kodekslari bo`ladi. Prezidentimizning asosiy maqsadlari shuki, o`quvchi o`quvchiday ajralib tursin, ular orasida ijtimoiy tenglik saqlansin, tashqaridan qaraganda, o`quvchining qiyofasi ajralib tursin, ular o`rtasidagi muhit bir xil bo`lsin. Mana shu maqsadlarda yagona formaga o`tish kerakligini ta`kidladilar.
Bizda shu kungacha maktab formalari bor, ularni har bir maktab o`zlari ota-onalar bilan kelishib qabul qilishadi. Lekin ularning sifatiga kafolat yo`q, ular sog`liqqa zararli matolardan tayyorlanyapti, ba`zilari chet eldan keltirilmoqda.
Prezidentimiz yagona formalarni o`zimizda ishlab chiqarish, dizayni va qulayligiga e`tibor berish kerakligi bo`yicha topshiriqlar berdi. Kelasi o`quv yiligacha engil sanoat, modeler mutaxassislar bilan birgalikda va albatta ota-onalarning fikrlarini inobatga olib, kamida 8-10 xil modeldagi formalar tayyorlanadi. Bu formalarning narxlari hisob-kitob qilinadi, keng jamoatchilikka taqdim etiladi va shundan keyin kelasi o`quv yilidan joriy etilish ko`zlangan.
Ota-onalarga bir qancha qulayliklar beriladi, ya`ni formalarning 50 foiz qiymati kredit hisobida to`lanadi. Formani olayotgan paytda 50 foizini, qolgan qismini o`quv yili davomida to`lash tartibi ham ko`rib chiqilmoqda.
O`ylaymanki, tavsiya etilayotgan formalar o`quvchilar orasida ijtimoiy tenglikni saqlashda, ularning tashqi tomondan bir-biridan ajralib turmasligida, odob-ahloqida katta ahamiyatga ega bo`ladi. kelugsida bu o`zining ijobiy natijalarini beradi, deb o`ylayman.






