Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Olmazor tumani, Farobiy ko`chasida sodir etilgan odam savdosi jinoyati bo`yicha tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB.

2017 yil 21 avgust kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga fuqaro Yalgasheva Umida Amirovna ariza bilan murojaat qilib, u avgust oyining boshlarida Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida “Shaxodat” ismli ayol bilan tanishib qolganligini, oradan biroz vaqt o`tib, ushbu ayol uning “Zarina” ismli qizi borligini, u homilador ekanligini, ular ushbu tug`iladigan farzandini 1.000 AQSh dollari miqdoridagi pullar evaziga sotish niyatlari bor ekanligini aytganini bildirib, mazkur shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`ragan.

Ushbu ariza asosida shu kuni Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan jinoyatchilarni qo`lga olish borasida tezkor tadbir rejalashtirilib, soat 14:00 larda, Olmazor tumani, Farobiy ko`chasida joylashgan “Makro” supermarketi avtoturargohida Sattorova Shahodat Jumaevna va Jo`raqulova Zarina Shahob qizi, 2017 yilning 16 avgust kuni tug`ilgan, hech handay shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo`lmagan qiz chaqaloqni 1.000 AQSh dollari evaziga U.A.Yalgashevaga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Sh.J.Sattorova va Z.Sh.Jurakulovalarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni sodir etganlikda Sh.J.Sattorova va Z.Sh.Jo`raqulovalarning aybi to`liq isbotlanib, ularga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi, ya`ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o`n sakkiz yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsni olish-sotish) bilan ayblov e`lon qilindi va jinoyatning og`irlilik darajasini inobatga olgan holda ayblanuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanmoqda.






