Qurbon hayitini nishonlash to`g`risida
2017 yil 24 avgustdagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3241-son qarori
Muborak Qurbon hayitining ma`naviy hayotimizdagi o`rni, mohiyati va ahamiyatini, xalqimizga mansub mehr-oqibat, shukronalik va bag`rikenglik ramzi ekanini e`tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulug`lash maksadida:
1. O`zbekiston musulmonlari idorasining joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 1 sentyabr juma kuniga to`g`ri kelishi haqidagi murojaatini inobatga olib, 2017 yil 1 sentyabr mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg`armalari va boshqa barcha mutasaddi idoralar, jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o`tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog`liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
O`zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoev