Samarqand temir yo`l vokzalida “Sharq taronalari” o`n birinchi xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarining dastlabki guruhi tantanali kutib olindi,deb xabar beradi O`zA.
1997 yildan buyon har ikki yilda muntazam o`tkazib kelinayotgan mazkur festival dunyo xalqlarining milliy musiqa san`ati va qo`shiqchiligi an`analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, tili, madaniyati, urf-odatlari turlicha bo`lgan millat va elatlarni san`at vositasida birlashtirish, ularni go`zallik, nafosat, ezgulikka da`vat etishga xizmat qilmoqda. Bugunga kelib “Sharq taronalari” jahon miqyosida o`tkazilayotgan yirik va nufuzli san`at anjumaniga aylandi. Unda ishtirok etish istagida bo`lgan san`atkor va badiiy jamoalar safi yil sayin kengayib bormoqda. Bu yil festival ishtirokchilari belgilangan talablar asosida saralanib, taklif etildi. 25-30 avgust kunlari 50 dan ortiq davlat vakillari Samarqandda o`z san`atini namoyish etadi.
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poezdida Samarqandga etib kelgan mehmonlar karnay-surnay sadolari ostida keng jamoatchilik ishtirokida kutib olindi.
– Samarqand zaminiga qadam qo`yishimiz bilan “Sharq taronalari” festivali shukuhini his qildik, – deydi fransiyalik Le Normand Morven xonim. – Vokzal va ko`chalar bag`oyat maftunkor, har qanday kishi e`tiborini tortadigan darajada go`zal. Tadbir tashkilotchilarining nihoyatda samimiy va mehmondo`stligi, har bir ishtirokchiga alohida e`tiboridan boshimiz ko`kka etdi. Ana shu dastlabki taassurotlarimiz bu yilgi festivalning yana ham yuksak saviyada o`tishidan dalolat beradi.
– Jahonning ko`plab davlatlarida o`tadigan turli xalqaro anjumanlar, forumlarda qatnashganman, – deydi festival hakamlar hay`ati a`zosi, kuvaytlik Amir Ja`far. – Lekin, O`zbekistonda bo`lganidek tashkilotchilik, mehmonlarga yuksak e`tibor kamdan-kam kuzatiladigan holat. Bu o`zbek xalqining san`atsevarligi, mehmondo`stligi va bag`rikengligidan dalolat beradi. Men Toshkentda, bugun Samarqandda bunga guvoh bo`lib, hayratlanib turibman. Bunday samimiy, ochiqko`ngil insonlar bilan suhbatlashish, ularga o`z san`atimizni namoyish etish biz uchun zavqli va taassurotlarga boy bo`lishiga ishonaman.
Festival ishtirokchilari va mehmonlari maxsus ajratilgan transportlarda “Aziya Samarqand”, “Registon-plaza”, “Zilol baxt”, “Arba” mehmonxonalariga borib joylashdilar.
Kun davomida Samarqand shahrida muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bo`ylab sayohat, madaniy-ma`rifiy uchrashuvlar, tanlov dasturida qatnashadigan jamoalar uchun Registon maydonidagi sahnada repetisiya o`tkaziladi.
Kechqurun tanlov boshlanib, dastlabki o`n jamoa o`z dasturini namoyish etadi. Boshqa guruhlar esa Samarqand shahri va Pastdarg`om, Oqdaryo, Payariq, Samarqand, Jomboy tumanlarida mahalliy san`atkorlar bilan birgalikda konsert dasturlari taqdim etadi.






