Bugun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy saytida qidiruvdagi shaxslar haqida xabar berildi.
Unda Toshkent shahri aholisi o`g`rilik va firibgarlik jinoyatlaridan ogohlantirilgan va begona shaxslarni xonadonga umuman qo`ymaslik, turli nayrang, aldovlarga ishonmaslik so`ralgan.Xabarga ko`ra suv ichib olish, yirik kupyuradagi pullarni maydasiga almashtirib olish, hojatini chiqarib olish yoki telefon orqali qo`ng`iroq qilib olish bahonasida uylarga kirib turli jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan, voqea joyi yaqinida joylashgan videokuzatuv kamerasiga tushgan shaxslar suratlari keltirilgan. Ushbu shaxslar haqida ma`lumotlar keltirilar ekan, ulardan biri "viloyatliklarga o`xshab kiyingan"ligi ta`kidlangan.
Toshkent shahar IIBB rasmiy saytida chiqqan bu xabar va "viloyatlik shaxslarga o`xshash" atamasi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining e`tiroziga sabab bo`ldi.
Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy sayti yuqoridagi jumla sayt xodimining e`tiborsizligi tufayli kelib chiqqanligini ma`lum qildi:
"Shuni ma`lum qilamizki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan yurtimiz fuqarolari bunday atama bilan toifalanmaydi, bunday holat xabarni tayyorlagan xodimning e`tiborsizligi tufayligina kelib chiqqan. Buni hech qanday g`araz maqsad emas, shunchaki tushunmovchilik sifatida qabul qilinishini so`rar edik".
Xabarda aytilishicha, hozirda xodimga nisbatan tushuntirish ishlari olib borilgan.






