21.11.2013 11:38
Toshkentda «Agro Food – 2013» ko`rgazmasi ish boshladi
Tadbir tashkilotchilari sifatida O`zbekiston Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi, Fermerlar kengashi, “O`zvinosanoat”, “O`zkimyosanoat” kompaniyalari, O`zbekiston oshpazlar uyushmasi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi, Butunjahon polizchilik markazi ishtirok etishdi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan ilg`or fermerlar, asalarichilar, gulchilar, agrofirmalar rahbarlari, Xitoy, Isroil, Qozog`istondan tadbirkorlar ishtirok etayotgan mazkur ko`rgazma qishloq xo`jaligi sohasidagi innovasion texnologiyalar, bog`dorchilik, polizchilik, asalarichilik va gulchilik yo`nalishidagi ilmiy ishlanmalarni keng targ`ib va joriy etishga qaratilgan.
Landshaft dizayni bo`yicha texnologiyalar, zamonaviy issiqxonalar, quyosh yordamida quritiladigan moslamalar, organik va mineral o`g`itlar, uzumchilik, asalarichilik mahsulotlari namoyish etilayotgan ko`rgazmada meva va sabzavotlarning eng yaxshi navlari, sitrus va manzarali daraxt turlari bilan tanishish mumkin.
Ko`rgazma doirasida milliy va xalqaro tashkilotlar tomonidan qator yo`nalishlar bo`yicha, jumladan, mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash va eksport qilishga doir bir qator loyihalar taqdimoti o`tkaziladi.