Lola Karimova-Tillaeva o`zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida dugonasi Oqila Toirovaning Islom Karimovning so`nggi kunlari haqidagi xotiralarinie`lon qildi.
"Men uchun juda shaxsiy bo`lgan ushbu hikoyani sizga havola etmoqchiman, chunki bir yil avval aynan shu kunda barcha o`zbekistonliklarga ta`sir etgan, otamning sog`liqlari bilan bog`liq qayg`uli voqealar boshlangan edi.
Men padari buzrukvorim, O`zbekistonning birinchi prezidenti hayotlarining so`nggi kunlari tafsilotlari bilan bo`lishmoqchiman. Bu xotiralar mana 20 yildan ortiqroq vaqt davomida menga qadrdon bo`lgan inson tomonidan yozilgan. O`sha og`ir kunlar, men tamomila qayg`uga botgan damlarda, dugonam otam hayotlarining so`nggi kunlari tafsilotlari bizlar uchun keyinchalik katta ahamiyatga ega bo`lishini anglab qog`ozga tushirgan edi", — deb yozadi Lola Karimova-Tillaeva.
Shundan so`ng u dugonasining hikoyasini keltiradi:
"Prezidentimiz bilan ularning hayotliklarida uchrashib, suhbatlashishga muvaffaq bo`lmaganman. U kishini talabalik davrimda — 90-yillarning o`rtalarida sport musobaqalarining ochilish marosimlarida bir-ikki marotaba uzoqdan ko`rganman.
Ammo, Xudoning xohish va irodasi bilan, ularning hayotlarini so`nggi soatlarida yonlarida bo`lish menga nasib etgan.
To 31 avgust oqshomiga qadar ularning hayotlarini saqlab qolish mumkin degan umid uchquni barchamizning yuragimizda bor edi. Biroq, umid yo`qligi ayon bo`lgach, men shunday og`ir kunlarda o`z yaqin dugonamning yonida bo`lish hamda unga dalda berish uchun 1 sentyabr kuni Toshkentga uchib keldim. Bo`lib o`tgan voqealar menga shu qadar qattiq ta`sir ko`rsatdiki, men Parijdan bir inson bo`lib ketib, tamomila boshqa inson bo`lib qaytdim.
Men Toshkentga payshanba, 1 sentyabr kuni kechga tomon etib keldim va 2 sentyabr kuni ertalab kasalxonaga yo`l oldim. Prezidentimizning rafiqalari, qizlari Lola va Lolaning to`ng`ich qizi Maryam mana bir necha kundirki kasalxonada ularning oldilaridan bir zum ham ketmasdan turar edilar.
2 sentyabr tonggi soat 9:00 da O`zbekistonning OAV orqali prezidentimizning ahvollari og`irlashgani haqida xabar berildi (Shu o`rinda aytib o`tmoqchi edimki, prezidentning oila a`zolari xalqni yurtboshimiz sog`lig`idan bevosita xabardor qilib borish kerakligini qat`iyan ta`kidlashdi, va aynan ularning iltimoslariga ko`ra yurtboshimiz vafotining sabablarini ko`rsatuvchi tibbiy xulosa e`lon qilindi).
Lola menga 2 sentyabr ertalab soat 8:00 larda qo`ng`iroq qildi hamda otasining ahvoli keskin yomonlashgani va umrlarining 2–3 soati qolgan bo`lishi mumkunligi haqida xabar berdi.
Men kasalxonaga etib kelganimda ularning isitmalari baland edi. Shunda zudlik bilan «Yosin» surasini o`qish uchun qorilar chaqirtirildi. Ozgina vaqtdan so`ng Anvar qori Minor masjidining boshqa bir necha qorilari bilan birgalikda etib kelishdi. Bilmadim, bu tasodifmi yoki yo`q, ammo qorilar «Yosin» surasini o`qishni boshlashligi zahoti yurtboshimizning tana haroratlari 36,5 ga pasaydi.
Keyingi 12 soat mobaynida Qur`oni Karimning suralari nihoyatda chiroyli va to`xtovsiz ravishda butun kasalxona bo`limi bo`ylab yangradi.
Prezidentimiz umrlarining so`nggi 12 soati davomida men ular yotgan palatada bo`ldim. Qizlari Lola, Tatyana Akbarovna, Maryam va men ularning yonlarida o`tirib, tavhid kalimasi, salavotlar o`qib, Allohning ismlarini zikr qilib o`tirdik. Yonimizdagi qo`shni xonada qorilar o`tirishar (ular katta darchadan prezidentimizni ko`rishlari mumkin edi) va baland hamda viqorli ovoz bilan Qur`on suralarini tilovat qilishar edi. Lola otasining oldidan ketmas, tez-tez ularning lablarini suv bilan xo`llab turardi. Oila a`zolari ko`zlarida yosh bilan yurtboshimizdan rozi-rizolik so`rashar edi. Kasalxonada deyarli hamma ko`z yoshi to`kishar, Qur`on tilovat qilayotgan qorilarning ham ovozlari vaqti-vaqti bilan yig`i tufayli uzilib qolardi.
O`sha onlarda prezidentimizning ruhlari bizni his qilayotgandek edi nazarimda. Ularning yuzlari jiddiy tus olgan, misoli Qur`onni diqqat bilan tinglayotgandek hamda har safar oldilariga qizlari Lola kelib gaplashganda, uni sezayotgandek edilar.
Vaziyat har qancha og`ir bo`lmasin, boshqa umid yo`qligi ma`lum bo`lgach, janoza marosimini rejalashtirish kerak edi. O`zingiz bilasiz, O`zbekistonda bunga o`xshash voqea hali yuz bermagan edi. Dafn marosimi Prezidentning oilasi tomonidan ishlab chiqildi: qaerdan chiqarish, qaerga olib borish, Registon, Tillakori.
Lola boshidanoq dafn marosimi musulmon urf-odatlariga qat`iy rioya qilgan holda bo`lishi hamda yurtboshimizning vasiyatlariga muvofiq ularni onalari uyidan chiqarishni va tug`ilib o`sgan Samarqand shahrida dafn etilishlarini aytdi. Prezident Islom Karimov bir necha yil avval o`z rafiqalari bilan Samarqand shahrini ziyorat qilganlarida Hazrat Xizr masjidi yonidagi joyni ko`rsatib, ularni aynan shu masjid oldida dafn etishlarini vasiyat qilgan ekanlar. Ularning oila a`zolari barcha marosimlarni islom urf-odatlariga muvofiq bajarilishiga katta e`tibor berdilar, hamda har bir masalada Anvar qori bilan maslahatlashdilar. Musulmon odatlariga binoan, ayol kishilar janozada ishtirok etmaydilar. Shu sababli, Lola imomdan o`z onasi va yana uch ayol tobut ketidan to janoza boshlanguncha Registonga borishi mumkinmi deb so`radi. Anvar qori bu musulmonlik qoidalariga zid emasligini, faqat janoza o`qilayotgan vaqtda ayol kishilar xonaning ichida bo`lishi kerakligini aytdilar.
Kechki soat 21:00 ga yaqin Alloh yurtboshimizning jonlarini oldi.
Biz ular bilan vidolashish uchun palatalariga kirdik, shu on Anvar qori va ularning ikkita shogirdlari ham xonaga kirishdi. Ular qo`llarida bir quchoq rayhonni ushlab turishar edi. Shunda Lola qoridan, bu shunday odatmi, deb so`radi. Uning savoliga javoban Anvar qori, marhumni ularning sevimli gullari bilan yopmoqchi ekanliklarini aytdilar. Shundan so`ng prezidentimizni oq mato bilan yopishdi, hamda Anvar qori, ularing shogirdlari va Lola marhum boshining tepasi, elka, qo`llarining ustiga rayhon gullarini qo`yishdi va prezidentimiz tamomila rayhon gullariga burkandilar. Men ham bitta rayhon gulini so`rab oldim va uni prezidentimizning oyoq tomonlariga qo`ydim. Shundan so`ng barchamiz o`tirdik. Butun xona rayhon iforiga va Qur`on tilovotlarining yoqimli ovoziga to`ldi. Bu juda ham ta`sirli onlar bo`lib, ham xonada, ham kishi ko`nglida ravshanlik va yorug`lik hukm surardi.
Keyinchalik Anvar qori menga marhumning boshi ustida Qur`onni to erta tonggacha o`qib chiqishganini aytdilar.
Tunggi 12:00 ga yaqin men kasalxonadan uyga qaytdim. Ertalab biz Samarqandga yo`l olishimiz kerak edi.
Men rasmiy kortejni kuzatuvchilar qatorida emas edim. Samolyotda prezident tobutini kutib olish uchun aeroportga ertaroq, tonggi 5:00 larga etib bordim. Bu vaqtga qadar Toshkent ko`chalari odamlar bilan to`lgan, ko`pchilik yig`lar hamda prezidentimizni so`nggi manzilga kuzatish uchun kutib turishar edi.
Biz Samarqandga soat 8:00 larga etib bordik va mashinada yurtboshimiz tug`ilib, voyaga etgan uyga yo`l oldik.
Odamlarning tuganmas qatorlarini ko`rish juda ham ta`sirli edi: prezidentimizga izzat-ikrom ko`rsatib, ayollar oppoq ro`mol va och rangli ko`ylaklar, erkaklar esa do`ppi va saranjom kiyimlar kiyishgan edi.
Samarqandliklar, 60 yildan so`ng o`z ona shahriga butunlay qaytgan o`z shahrining o`g`loni bilan vidolashib, ko`zlarida yosh bilan turishar edi.
Azim Registon maydonining yonida joylashgan, yurtboshimizning bolaligi o`tgan kichik hovlili uyda yuvish marosimi bo`lib o`tdi.
Shundan so`ng barchamiz uydan Registon tomon piyoda yo`l oldik. Atrof olomon bilan to`lgan, shahar bo`ylab odamlar yig`isi eshitilar edi. Bu juda ham og`ir damlar edi. Lola onasi bilan tobutning ketidan yurishar, biz esa ularning ortidan bir necha qadam orqada ketar edik. Tobutni olib borish vaqtida kishilar tobutga tegishga va uni qo`lma-qo`l ko`tarishga harakat qilishar edi. Men o`sha onlar, odamlarning haqiqiy ayriliq dardi va motamsaro ko`z yoshlari guvohi bo`ldim. Atrofda yorug`lik va iliqlik ruhi hukmron edi.
Registon maydoniga etib borganimizda biz ayollar Tillakori madrasasining ichiga kirdik. So`ng esa butun Registon bo`ylab «Yosin», «Fotiha», «Baqara» va Muqaddas Qur`onning boshqa suralari yangradi. Prezidentning oilasi iltimosiga binoan Qur`oni Karim Registon maydonida chamasi 40 daqiqa davomida o`qildi.
O`sha lahzalarda yuraklarni qamrab olgan hissiyotlarni, atrofni chulg`ab olgan ta`sirli va farishtali ruhiyatni tasvirlashga til ojiz. Men bu marosimni televidenie orqali ham olib uzatishganini ko`rdim, biroq birorta ham kamera o`sha lahzalarning nihoyatda go`zal kuchini to`liqlicha tasvirlab berishga qodir emas. Keyin janoza namozi boshlandi, so`ngra tobutni Registondan olib chiqib keta boshlashdi.
Biz madrasadan chiqa olmas edik, va tobut uzoqlashayotganini ko`rib, ko`z yoshlar bilan vidolashuv so`zlarini ayta boshladik. Tobut tobora uzoqlashib borar, biz esa uni ko`zdan qochirmaslik uchun qo`shni oynaga yugurib borar edik. Tobut maydondan tashqariga chiqib ketayotganda butun Registon bo`ylab ona vatanimizning mustaqilligi ramzi, O`zbekiston madhiyasi yangradi.
Birinchi prezidentimizni ularning vasiyatlariga binoan Hazrat Xizr masjidi yoniga dafn etishgandan so`ng, Samarqandning forumlar majmuasida rasmiy xotira marosimi bo`lib o`tdi. Marosimda O`zbekiston hukumati a`zolari, xorijiy davlatlar rahbarlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdilar.
Kechroq, Lola, Tatyana Akbarovna va yana bir necha ayollar prezidentimizning qabrlarini ziyorat qildik. Qur`on tilovat qilindi. Yurtboshimiz qabrlari qo`yilgan joy tepalikda joylashgan. U erdan ko`hna Samarqand shahriga misli kaftdagidek manzara ochiladi. Prezidentning oila a`zolari so`zlariga ko`ra, bolalik davrlarida Islom Karimov bu erda ko`p vaqt o`tkazgan ekanlar, tengdosh bolalar bilan qadimgi shahar xarobalari bo`ylab yugurib yurgan ekanlar. Prezidentimiz o`sha onlar shunday buyuk hayot yo`lini bosib o`tishlarini bilganmikanlar? O`sha damlar, aynan shu, ularning bolalik davrlariga guvoh bo`lgan tepalik, vaqti kelib, mangu yotadigan maskanlari bo`lib qolishini sezganmikanlar?".