O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o`rtasida "Hamkorlik to`g`risidagi memorandum" imzolandi. Bu haqda madaniyat vazirligi matbuotxizmati xabar bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi o`rinda –vazirlik) hamda O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (keyingi o`rinda-MTRK), birgalikda quydagi matn bo`yicha –“tomonlar”.
Ushbu Memorandum tomonlar o`rtasidagi kelishuv asosida hamda modda va bandlari ijrosi bo`yicha me`yoriy-huquqiy kuchga ega hujjat hisoblanadi.
Madaniyat va san`at sohasida yosh iste`dod egalarining jamiyatimiz ma`naviy hayotini yuksaltirishdagi muhim o`rnini inobatga olib, o`zining musiqa, matn va ijro mahorati bilan odamlarning yuragiga etib boradigan, ezgulikka chorlaydigan, iroda va imon e`tiqodini mustahkamlashga xizmat qiladigan asarlar yaratishda faollik ko`rsatayotgan iqtidorli yoshlarni muntazam rag`batlantirib borish maqsadida “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh iste`dodlar uchun “Nihol” mukofoti ta`sis etilgan. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh iste`dodlar uchun “Nihol” mukofoti tanlovini tashkillashtirish ishlarini takomillashtirish to`g`risida”gi 2011 yil 3 noyabrdagi 295-sonli qaroriga binoan tanlov ikki yilda bir marta o`tkazilishi belgilab qo`yilgan. Ushbu mukofotni yanada mazmunan keng qamrovli bo`lishi, yosh iste`dod egalarini “Nihol” mukofotidan so`ng ijodiy faoliyatlari bee`tibor qolishligi, poytaxt va chekka hududlarda o`z salohiyatini namoyon eta olmasligi kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularga ko`mak berish maqsadida tomonlar quydagilar to`g`risida kelishib oldilar:
1-modda.
Tomonlar “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yosh iste`dodlar uchun “Nihol” mukofoti sovrindorlarini iste`dodini rivojlantirish yuzasidan hamkorlik qiladilar. Ushbu Memorandum 2017 yildan boshlab barcha “Nihol” mukofoti sovrindorlari uchun amal qiladi.
2-modda.
Mazkur Memorandum Nihol mukofoti sovrindorlari uchun imtiyozlar berish maqsadida Tomonlar modda va bandlarining kelishuvi, belgilangan tartiblariga ko`ra quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
- yosh iste`dod egalarini MTRK kanallarining birida har kuni bir marotaba yil davomida bepul o`z loyihalarini (media-klip yoki video lavhalari) namoyish etish huquqiga ega;
- sovrindorlar, radio eshittiruvlarda ishtirok etishi hamda kuylari uchun bepul har kuni bir marotaba yil davomida efir daqiqasidan foydalanish huquqiga ega;
- iste`dod egalari 10 ta qo`shiq va kuylariga ovoz yozish studiyalaridan bepul foydalanish huquqiga ega;
- turli madaniyat va san`at yo`nalishidagi teleko`rsatuvlarga jalb etiladi;
- tomonlar qonunda ta`qiqlanmagan har qanday boshqa turdagi hamkorliklarni ikki tomonlama kelishuv asosida olib boradi.
3-modda.
Vazirlik Memorandumda belgilangan qoidalarni tadbiq etish maqsadida quydagilarni amalga oshiradi:
- Tomonlar belgilangan tadbirlarni samarali tashkil qiladi va o`tkazish uchun barcha zarur choralarni ko`radi;
- Tomonlar MTRK tomonidan bepul taqdim etilgan imtiyozlardan yosh iste`dodlar unumli foydalanishlari uchun nazoratini olib boradi;
- domiy tarzda yosh sovrindorlarni yo`nalishlari bo`yicha monitoringini olib boradi va Xalq artistlari ishtirokida o`quv-amaliy treyninglar tashkil etadi.
4-modda.
Tomonlar “Nihol” mukofoti g`oliblarini barcha ommaviy va davlat tadbirlariga (sovrindorlarning ijodiy rejasidan mustasno) jalb etadi. Mazkur Memorandumda belgilangan bandlari bo`yicha ish olib boradi. Xorij davlatlarida sovrindorlarga targ`ibot va islohat yuritishida ko`mak beradi. “Nihol” mukofoti g`oliblari Memorandum moddalariga asosan bir marotaba berilgan ko`makdan foydalanishlari belgilangan.
5-modda.
Mazkur Memorandumda talqin qilinishi va tadbiq etilishi bilan bog`liq yuzaga keladigan muammo, nizolarni o`zaro kelishuv va muzokaralar orqali xal etiladi.
Fors-major hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda tomonlar o`zaro kelishadi va to`xtatish lozim bo`lgan tadbirlarni qelishuv asosida to`xtatiladi, muddati uzaytiriladi yoki boshqa mavsumga ko`chirilishi to`g`risida kelishiladi.
Memorandum Tomonlar lavozimi o`zgarishi hamda boshqa shaxs rahbarlik qilishidan qat`iy nazar o`z qonuniy kuchini yo`qotmaydi.
Mazkur Memorandumga Tomonlar roziligi bilan uchinchi Tomon huquqlari buzilmagan holda o`z taklif va loyihalari bilan kirishi mumkin. Bunda uchinchi Tomon shartnoma asosida Tomonlarga qo`shimcha ravishda efir soati va radioeshittiruvlarda ishtirok etishini kelishishi lozim.
Tomonlar O`zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Memorandumda nazarda tutilgan hamkorlik doirasida sodir etilgan o`z xatti-harakatlari uchun mustaqil ravishda javobgar bo`ladi.
Tomonlar O`zbekiston Respublikasi Qonunlariga amal qiladi, ularning talablariga rioya qilish majburiyatlarini so`zsiz bajaradilar.
6-modda.
Tomonlar o`zaro kelishuv bo`yicha mazkur Memorandumga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritishi mumkin, ular Memorandumning ajralmas qismi bo`lib bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
7-modda.
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab qonuniy kuchga kiradi va besh (5) yil mobaynida amal qiladi. Tomonlar navbatdagi muddat tugagunga qadar uch oydan kechiktirmay boshqa Tomonni Memorandumning amal qilishini to`xtatish maqsadi to`g`risida yozma shaklda xabar qiladi, yozma shaklda xabardor qilmagan taqdirda Memorandum avtomatik tarzda yana besh yil muddatga uzaytiriladi.






