AsosiyJamiyat

​TOShKENTDA FARZANDIGA ALIMENT TO`LAMAGAN ERKAK OZODLIKDAN MAHRUM ETILDI

'​TOShKENTDA FARZANDIGA ALIMENT TO`LAMAGAN ERKAK OZODLIKDAN MAHRUM ETILDI'ning rasmi

Ma`muriy va jinoiy ishlar sudlar tomonidan jinoyatchilikning oldini olish maqsadida korxona, muassasa, tashkilotlarda sayyor tartibda ko`rib chiqilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanida joylashgan O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutida bo`lib o`tdi. Sayyor sudda aliment to`lamagan ikki fuqaroning ishi ko`rib chiqildi, deb xabar beradi O`zA.


Muqaddam sudlangan toshkentlik O.K. turmush o`rtog`i bilan ajrashib, farzandini boquvchisiz qoldiradi. U oilasini og`ir ahvolda tashlab ketganiga qaramay, turli bahonalar bilan aliment to`lashdan bosh tortadi.

Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudining 2014 yil mart oyidagi hal qiluv qaroriga ko`ra, O.K. farzandining moddiy ta`minoti uchun aliment to`lab borishi belgilangan edi. Ammo qonuniy burchini bajarishdan ochiqchasiga bosh tortgan O.K. 38 oy davomida 8 million 240 ming so`m miqdordagi aliment pulini to`lamay kelgan.

Sayyor sud zalida O.K.ga aliment qarzini to`lash taklifi bildirildi. Lekin u pulni to`lash va yarashishni istamadi. Voyaga etmagan farzandini moddiy ta`minlashdan bosh tortganligi uchun O.K. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga muvofiq bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Poytaxtlik A.A. ham voyaga etmagan farzandi ta`minoti uchun aliment to`lashdan bosh tortib kelgan. U 2012 yil 1 yanvardan joriy yilning iyul oyiga qadar bo`lgan vaqt mobaynida 16 million 404 ming so`m alimentdan bo`lgan qarzini to`lamagan. A.A. sayyor sud zalida mazkur qarzni to`liq to`ladi.

Tadbirlarda bu kabi sayyor sud majlislarini o`tkazishdan ko`zlangan maqsad nafaqat aybdorlarga jazo tayinlash, balki sodir etilgan jinoiy qilmishning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, fuqarolar o`rtasida huquqiy targ`ibotni kuchaytirish hamda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan keng jamoatchilik hamkorligini yanada mustahkamlash ekani ta`kidlandi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar