Boshqirdiston respublikasi FVV 11 yoshli qizning 6 nafar uka va singillarini yong`indan qutqargani haqida ma`lum qildi, deb xabar berdi Vesti.ru nashri.
28 avgust kuni soat 15.00 da yong`in xavfsizligi bo`limiga Markovo qishlog`idagi uylardan biri yonayotganligi haqida xabar kelib tushgan. O`t o`chiruvchilar voqea joyiga etib kelganda, uyning tomi va ayvondagi mebellar yonayotgan edi. Yong`inni 7 ta texnika va 18 nafar o`t o`chiruvchi batamom o`chirishga muvaffaq bo`ldi.
Yong`in paytida uyda 7 nafar bola bo`lgan. Ularning eng kattasi 11 yoshli qiz bo`lib, u olovdan sarosimaga tushmay, kichkina uka va singillarini qutqarishga harakat qilgan va ularni xavfsiz joyga olib chiqqan.
Yong`in oqibatida uy vayrona ahvolga kelgan. Dastlabki taxminlarga ko`ra, yong`in chiqishiga bolalarning gugurt bilan o`ynagani sabab bo`lgan. Ayni paytda yong`in kelib chiqish sabablari o`rganilmoqda.






