Firibgarlar hamma zamonlarda va hamma erlarda ham bo`lgan. Ammo axborot texnologiyalari asrida ular ham «zamonaviylashib», internet-hiylalarga moslashib olishgan. Hiylagarlar ko`proq qaerda bo`ladi – bozorda. Bugungi kunda esa ustasi faranglar onlayn savdo maydonlariga ham kirib kelishgan, deb yozadi "Terabayt.uz".
Sayt tahririyatiga murojaat etgan internet foydalanuvchisi shunaqa aldovga uchib, katta pulga kuyib qolganini ma`lum qildi:
"O`zbekistondagi ommabop onlayn savdo maydonlaridan bo`lgan OLX.UZ saytida iPhone 7 sotilayotganligi haqidagi e`longa ko`zim tushib qoldi. Uning narxini bilish uchun e`lon muallifi bilan bog`landim. U esa menga bir telefon raqamini berdi va unga Telegram messenjeri orqali murojaat qilishimni so`radi.

Doimiy xotirasi 128 gigabayt bo`lgan iPhone 7 modelining narxini so`rasam, 399 AQSh dollari, deya javob berdi. Asosan rus tilida yozishdik.

Men tovarni olish uchun nima qilishim kerakligini so`radim, sizlarga ishonsa bo`ladimi, deb savol berdim. U esa, o`zlarining butun dunyo bo`yicha ulgurji holda tovar etkazib beruvchi ekanligini aytdi. Mahsulotni CPC FARNEEL tizimi orqali jo`natishlarini aytib, http://cpc.farnell.com/ manzilini ham berdi. Bu ishonchli kompaniya ekanligini ta`kidladi.
Men esa, gapiga ishonch hosil qilish uchun o`zini tanishtirishini va suratini menga jo`natishini so`radim. Keyin bolasini ko`tarib tushgan suratini yuborib, shu farzandini o`rtaga qo`yib qasam ichdi.
Menga isbot sifatida CPC FARNEEL orqali jo`natilgan pochta qog`ozini yuborganidan so`ng ularga ishonib, tovarni olishga rozi bo`ldim va qanday qilib buyurtma berishni so`radim

U Buyuk Britaniya, Turkiya va Nigeriyada filiallari borligini aytdi. Tovarni olish uchun ularga Western Union tizimi orqali to`lov qilishim kerak ekan. To`lovni faqat o`zimizdagi Hamkorbank yoki Kapitalbank orqali amalga oshirishimni ham so`radi. Pul etib borganidan keyin, ularning buxgalteri pul tushganini tasdiqlashi bilanoq tovarni menga jo`natishini va xaridimning kelishini bir sayt orqali nazorat qilishim mumkinligini aytdi.
Mana, o`sha yozganidan bir parcha:
«Eto nadejnaya kompaniya, ne gryazny biznes
M postavlyaem vo mnogie stran daje Uzbekistan
V mojete otslejivat tovar
Veb-sayt: http://pluslognetwork.com/label.php
Nomer otslejivaniya: 14988180xx»
Men shundan keyin men ishondim va pulni qaysi manzilga jo`natishim kerakligini so`radim. Sotuvchi meni ishontirish uchun o`zini musulmon qilib ko`rsatishdan ham toymadi:
«brat / sestra, vam nechego bespokoitsya, dostavka na 100% bezopasen, i v poluchite produkt rovno cherez 2 dnya posle togo kak kompensasiya inshaAllax, vse m xotim, chtob eto dolgosrochny biznes, tak chto v mojete kupit bolshe produktov ot nas...»
Shu tariqa, mendan mamlakat, shahar va uy manzilimni yozib jo`natishni so`radi va pul o`tkazish uchun manzilni berdi.
Avvaliga ishonmay turdim, birozdan keyin u menga qo`ng`iroq qildi va pulni 30 daqiqa ichida jo`natishim kerakligini, aks xolda tovar bir necha kun kech kelishini aytdi.
Men pulni jo`natdim va ularga buni aytdim. Pul o`tganligi to`g`risida bankning kvitansiyasini suratga olib jo`natishimni so`rashdi. Kvitansiyani olib, buxgalter to`lov amalga oshirilganligini tasdiqlaganidan so`ng o`zlari aloqaga chiqishlarini aytishdi.
Men naq 3 soat ularning aloqaga chiqishlarini kutdim. Nihoyat, xabar keldi, unda «Pochtani jo`natish bo`yicha muammo yuzaga keldi, boshqa davlatlarga 1 donadan ko`proq mahsulot buyurtma berish kerak ekan», deyilgan ekan. Menga yana bitta telefon xarid qilishimni, evaziga esa yana 1 ta telefonni bepul berishlarini aytishdi. Jami uchta tovar – bittadan iPhone 7, iPhone 5s hamda iWatch jo`natamiz, deyishdi. Buning uchun esa qo`shimcha atigi 100 dollar yuborishimni so`rashdi.
Bundan asabiylashib ketdim va pulimni qaytarishlarini so`radim. Ular esa: «Pulni qaytarishning iloji yo`q, pullar kompaniya xarajatlari uchun sarf etildi. Tovarni olish uchun 100 dollar jo`nating va muammo hal bo`ladi», deyishdi.
Boshqa pulim yo`qligini, bu firibgarliklari yaxshi ish emasligini aytdim va pullarimni qaytarishlarini so`radim. U yana rasm yuborib, «Men ham insonman, bolalarimga harom pul topib edirmayman», deganicha, Allohni o`rtaga qo`yib qasam ichdi. Bu gaplaridan keyin unga ishonib, yana qo`shimcha 100 dollar pul yuborish uchun bankka bordim. Biroq bu safar u pul jo`natish uchun boshqa manzil yuborgan edi.

Pulni jo`natayotganimda, bank xodimlari menga, ikki haftacha oldin ham bir yigit Nigeriya davlatiga bir necha marta pul yuborganini va aldanib qolganini aytishdi. U ham telefon buyurtma berish uchun pul o`tkazgan ekan, afsuski, uni ham aldashibdi. Buni eshitsam ham, oldin jo`natgan pulim qaytishidan umidvor bo`lib, yana 100 dollar yubordim.
Bir necha soatdan so`ng u tovar Buxoroda ekanligini, kurer haqi uchun yana 97 dollar jo`natsam, tovarni menga dushanba kuniga etkazishlarini aytdi.
Men bu pulni bir necha oy ishlab topganimni, bunaqa harom yo`l bilan topilgan pul buyurmasligini aytdim va pulimni qaytarishlarini so`radim. U esa, «Ertaga gaplashamiz», deb xabar yozdi va shu bilan haligacha undan javob kelmadi.
O`sha voqeadan keyin, kuni kecha yana OLX.UZ’ga yana o`sha – tanish mavzudagi e`longa ko`zim tushdi. Xayolimdan «Toshkentda unga yordam berib turadigan sheriklari bor, shekilli», degan fikr o`tdi. Mana o`sha e`lonlari:


Ko`rib turganingizdek, firibgarning e`lon berish uchun qo`llaydigan niki (yuzer ismi) – reynolds, uning joylashuv eri esa Toshkent shahri Bektemir tumanida bo`lib ko`rinyapti. ShU FIRIBGARDAN EHTIYoT BO`LINGLAR!
Xullas, meni-ku yaxshilab chuv tushirishdi. Endi qancha urinmayin, baribir pullarimni qaytara olmayman. Sizlardan iltimos, buni maqola qilib tarqatinglar, toki boshqa kishilar bularning yolg`oniga uchib, mendek jabr ko`rib qolishmasin.
Yana bir iltimos – telefon raqamim haqida hech kim bilmasligini istardim».
"Ayni shu voqea misolida oladigan bo`lsak, smartfonning narxi o`ta arzonligi ham kishini hushyorlikka chorlovchi sababdir. Axir, 128 gigabaytlik xotiraga ega bo`lgan iPhone 7 narxi taxminan 730-750 AQSh dollari oralarida bo`lishi mumkin. Poytaxtimizdagi «Malika» savdo markazi do`konlarida ham bu modelga taxminan 5 840 000 so`m narx belgilangan.
Bundan tashqari, o`zi O`zbekistonda bo`lmagan, pulni olganligini tasdiqlovchi, tovarni etkazib berishini kafolatlovchi biror hujjati bo`lmagan kishiga ishonish ham, yumshoqroq qilib aytganda, soddalikdir.
Shuning uchun ham internet-firibgarlardan ehtiyot bo`lishingizni, mazkur voqeadan imkon qadar yaqinlaringizni boxabar etishingizni, ular ham aldanib qolishlariga yo`l qo`ymasligingizni eslatib o`tmoqchimiz",—deyiladi xabarda.






