​«SMS»LARNI ADAShTIRMANG! JUFTLARIMIZNING IShONChLARI POYMOL BO`LMASIN!»

Mutolaa 30.08.2017, 16:22
​«SMS»LARNI ADAShTIRMANG! JUFTLARIMIZNING IShONChLARI POYMOL BO`LMASIN!»

Men sizning kimligingiz, yoshingiz nechidaligini bilmayman. Asl ismingiz ham noma`lum. Hatto, bu maktubni o`qish-o`qimasligingiz ham menga qorong`u! Ammo bular xat yozmasligimga sabab bo`lolmaydi. Balkim siz kabilar nomamni o`qir-da, yarim tunda kimgadir «SMS» jo`natib, uning nafaqat oromi, balki oilasining tinchligini o`g`irlashmas...

Men o`sha, siz «Xayrli tun, qizaloq» deya xabar jo`natgan ayolman. Yoshim o`ttizdan oshib qolgan, o`ziga yarasha baxtli, xotirjam oila bekasi, uch farzandning onasiman. To siz adashguningizcha hamma-hammasi hayotimda risoladagidek edi. To`g`ri, turmush o`rtog`im juda rashkchi. Ammo u menga ishonardi! O`n ikki yillik turmushimiz davomida u biror marta menga shubhali nazar bilan qaramagan. Bilsangiz edi, ayol kishi uchun erining gumonli nigohlari ostida bir daqiqa bo`lsa-da yashash qanchalik og`irligini! Balkim o`shanda qo`llaringiz notanish raqamlarni termasmidi?

«Ting-ting». Telefonim xabar kelganidan ogohlantirib ovoz berdi. Soat tungi birdan oshgan! Ona bo`lgach, hech qachon tinch orom ololmas ekan kishi. Bolalarim yo`talmayaptimi, yomon tush ko`rib alahsiramayaptimi kabi o`ylovlar bilan doim sergak yotaman. Avvaliga telefonimning yonib-o`chib, ovoz berganidan hayratlanmadim. Uyali aloqa kompaniyasidan qanaqadir xabar kelgandir-da, deb o`yladim. O`zi odatda kunduz kunlari ham «SMS»lar telefonimni yo`qlamaydi. Bayram, tug`ilgan kunlardagina yomg`ir bo`lib yog`iladi. Ammo shu tun besh daqiqa o`tgach, yana xabar keldi. Bu gal erim uyg`ondi. Va «Kimning telefoni?» deya so`radi. «Meniki» hech ikkilanmay javob berdim. «Tinchlikmi?» deya u telefonni qo`liga oldi-da, sizning o`sha ma`shum xabarlaringizni o`qidi: «Xayrli tun, qizaloq!», «Shirin tushlar ko`ring, shirin qiz»

Dahshat! Ha, siz uchun bu shunchaki o`yin, biz uchun dahshat! Bolalarim otasining «Kim bu?», «Nima uchun senga «SMS» yozadi?» degan savollariga javob berolmayman, o`zimni oqlolmayman tonggacha yig`lab chiqdim. Siz esa go`shakni ko`tarib, voqeani yanada chigallashtirdingiz. «Internetdan oldim raqamingizni. O`zingiz yozgan ekansiz-ku, yoshim o`n to`qqizda, tanishaman deb» dedingiz! Men... men esa «qaerda?» «qachon?» «adashayotgandirsiz» degancha qolaverdim. Erim qo`limdan telefonni, shu barchasiga sababchi bo`lgan to`rtburchak matohni oldi-yu, devorga qarab otib yubordi. U ham, men ham ertabalgacha uxlamadik. Xo`jayinim sahar bilan ishiga jo`nab ketdi. Bolalarni maktab-bog`chaga tashlab, men ham ishga keldim. Hamkasblarimga yorildim. Turli raqamlardan sizga qo`ng`iroq qila boshladik. Oxiri adashganingizni tan oldingiz va turmush o`rtog`imga qo`ng`iroq qilib uzr so`radingiz! To`g`ri, siz uchun hammasi oson ko`chdi! Ammo men uchun bu kunlar juda qiyin o`tdi.

Hali oilangiz bo`lmasa kerak... Bilasizmi, ishonch shunaqa bir nozik narsaki, u bir darz ketsa, qayta tiklanishi juda qiyin. Ayniqsa, erkak zotida bu tuyg`u g`urur bilan chambarchas bog`lanib ketgan. Turmush o`rtog`im siz bilan gaplashib olgach ham, menga bir hafta gapirmadi. Pishirgan ovqatimni ham emadi! Men aybsiz aybdordek uyda oyoq uchida yurdim. Necha bor bu mavzuda gapirishga og`iz juftladim, ammo u kishi tingshlashni istamadi. Erim alanganing sovishini kutgan ekan, men esa gumonlar olovi ichida yonib ado bo`ldim. Qo`rqdim, juda! Umr yo`doshimning ishonchini yo`qotib qo`yishdan.

Mana, bu voqealarga ham o`n kundan oshdi. To`g`ri, hammasi joyiga tushdi. Munosabatlarimiz tiklandi. Bir qarashda bular vahimalimasdir. Lekin, unutmang, sizning adashgan xabarinigz kimningdir tinch oilasiga xavf soladi. Bir daqiqa, bir kun, bir oy... balkim bir umrga... Shuning uchun, iltimos, bu borada ehtiyot bo`ling! Telefon deb, guldek oilalarimiz, juftlarimizning ishonchlari poymol bo`lmasin!

Sizga notanish bo`lgan AYoL

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1