Qariyb 12 yil O`zbekiston davlat televideniesiga rahbarlik qilgan Alisher Xo`jaev salkam etti oylik tanaffusdan so`ng O`zMTRK raisi lavozimiga qaytdi. Bu haqda "Daryo" xabar bermoqda.
29 avgust kuni O`zMTRK raisi vazifasini bajaruvchi Bobur Alixonov lavozimidan ozod qilingani ma`lum bo`lgan edi. Alixonov mazkur lavozimda 26 kun ishladi.
Alisher Xo`jaev 2 fevral kuni O`zMTRK raisi lavozimidan ozod qilingan edi. Uning o`rniga tayinlangan Xurshid Mirzohidov esa 3 avgust kuni iste`foga chiqarilgan edi.
Avvalroq Alisher Xo`jaev O`zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stona munosabatlar bo`yicha qo`mita raisi o`rinbosarligiga tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Alisher Xo`jaev haqida
Alisher Xadjaev 1963 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan bo`lib, 1985 yili Samarqand davlat universitetini fizika o`qituvchisi mutaxassisligi bo`yicha tamomlagan.Xo`jaev 1985—1993 yillarda O`zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan. 1993—1996 yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo`lib ishlagan.
Alisher Xo`jaev 1996 yildan rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borgan. Jumladan, 1998 yilga qadar «KomUzAziya» kompaniyasida, 1998—2001 yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.
2001—2002 yillarda O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o`rinbosari, 2002—2005 yillarda O`zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi (hozirgi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi)ning rahbari o`rinbosari sifatida faoliyat ko`rsatgan.
Alisher Xo`jaev ilk bor 2005 yilning 15 aprel kuni O`zbekiston Teleradiokompaniyasi raisi etib tayinlangan edi.






