Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh,
Muhtaram Prezident Janobi oliylari,
Siz va Siz orqali barcha yurtdoshlarimizni ulug` ayyom – Qurbon hayiti bilan muqaddas zaminda haj ibodatini bajarib yurgan hojilarimiz nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Istiqlol sharofati bilan dinimiz arkonlarini emin-erkin ado etish uchun barcha sharoitlar, xususan, Vatanimizdan muborak haj safariga borayotgan fuqarolarimiz uchun yaratib berilayotgan qulay imkoniyatlar Sizning o`z xalqiga bo`lgan g`amxo`rligingiz namunasidir.
Milliy va diniy qadriyatlarga, bag`rikenglik tamoyillariga ko`rsatayotgan alohida e`tibor va ehtiromingiz tufayli yurtimizdan etishib chiqqan buyuk allomalar qadamjolari obod etilib, ularga yangicha salobat baxsh etilishi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ma`naviyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu va xayrli ishlar xalqimizni yanada ulkan zafarlar sari ruhlantirmoqda.
Shu kunlarda bayram ustiga bayram – Qurbon hayitini bayram qilishimiz Mustaqilligimizning 26 yilligi bilan birga nishonlayotganimizning zamirida katta hikmat yotibdi.
Yana shu kunlarda 7200 dan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etmoqdalar. Ular orasida Yurtboshimiz tashabbuslari bilan muborak safarga jo`natilgan 138 nafar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari – tabarruk yoshdagi otaxonlarimiz ham muborak safarda Yaratgandan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz ravnaqini so`rab Makkai mukarramada, Arafot va Mino vodiysida duoi xayrlar qilmoqdamiz.
Biz o`zbekistonlik hojilar Arafotda turib, Sizning rahnamoligingizda mustaqil yurtimiz hamisha omon, elimiz tinch, turmushimiz yanada farovon bo`lishini Yaratgandan iltijo qilib so`ramoqdamiz.
Muhtaram Prezident Janoblari, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog`liq, baxt-saodat tilab, xalqimiz va aziz diyorimizni hamisha o`z panohida asrashini so`rab duolar qilib qolamiz.
O`zbekiston hojilari
Makka shahri, Arafot vodiysi,
2017 yil 31 avgust






