Vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning barhayot siymosi yod etilmoqda. 2017 yil 31 avgust kuni poytaxtimizda mustaqil O`zbekiston davlatining asoschisi,buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning ulug`vor haykali ochilgan edi.Shunday marosim 2 sentyabr kuni Samarqand shahrida bo`lib o`tdi,deb xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu tadbirda ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur`on tilovat qilindi.
Samarqand ramzi bo`lgan Registon maydoni yonidagi xiyobonda, Islom Karimov tug`ilib o`sgan xonadon yaqinida Birinchi Prezidentimizga haykal o`rnatilgan. Bu erga hukumat a`zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyat faollari, nuroniylar, yoshlar jam bo`ldi.
Marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.
Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligining asoschisi, buyuk siyosatchi, dono islohotchi, tinchlikparvar va xalqparvar davlat rahbari sifatida xalqimiz orasida, butun dunyoda katta hurmat qozongan edi.
Birinchi Prezidentimizga xos bo`lgan bukilmas iroda, vatanparvarlik, mardlik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barcha uchun yorqin ibrat namunasi bo`lib qoldi.
Islom Karimov O`zbekiston manfaatini hamma narsadan ustun qo`yar, uning taraqqiyoti uchun jonini ham ayamasdi.
Istiqlolimiz bayrami uning asoschisi Islom Karimovni xotirlash tadbirlari bilan hamohang nishonlanmoqda.
Shavkat Mirziyoev va Tatyana Karimova Islom Karimov haykalini ochdi. Buyuk Yo`lboshchimiz haykali poyiga gul qo`yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq Islom Karimov siymosini yaratish bo`yicha xalqaro ijodiy tanlovda g`olib deb topilgan haykallarni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Islom Karimov tug`ilib o`sgan Samarqand shahrida va u kishi birinchi rahbar bo`lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o`rnatish belgilangan edi.
Samarqand shahrida ochilgan haykal elu yurtimizning Islom Karimovga yuksak hurmati va mehr-muhabbatining yana bir ifodasi bo`ldi.
Marosimda “Nuroniy” jamg`armasi Samarqand viloyati bo`limi raisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi H.Normurodov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri F.Toshev, Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashgan maktab direktori E.Kompolshik, O`zbekiston xalq shoiri S.Sayyid, O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori D.Olimova, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova Islom Karimov bilan bog`liq xotiralarini yodga oldi. Buyuk Yo`lboshchimizning turli sinov va qiyinchiliklarni mardonavor engib o`tgani, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ko`z qorachig`iday asrab-avaylash, hech kimdan kam bo`lmagan turmush sharoitlarida yashashi uchun hayotining so`nggi kunlariga qadar kurashganini ta`kidladi.
Birinchi Prezidentimiz haykali poyi gullarga burkandi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Islom Karimov tug`ilib o`sgan xonadonga tashrif buyurdi. Qur`on tilovat qilinib, elga ehson dasturxoni yozildi.






