Bugun respublikamizdagi barcha umumta`lim maktablarida yangi o`quv yili boshlanishi munosabati bilan “Bilimlar kuni” tadbirlari bo`lib o`tdi, deb xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati.
Yangi o`quv yilining ilk soatlari O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan “Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston!” mavzusidagi “Mustaqillik darslari” hamda O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga bag`ishlangan “Xotira darslari” bilan boshlandi.
“Mustaqillik darslari” vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan taqdimot asosida tashkil etilib, “Xotira darslari”da O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan hujjatli film namoyish etildi.
Umumta`lim maktablarining 1-sinfiga qabul qilingan 640 ming nafardan ortiq o`quvchilarga 12 nomdagi o`quv qurollaridan iborat “Prezident sovg`asi” tantanali ravishda topshirildi.
Yangi o`quv yiliga tayyorgarlik ko`rish va uni munosib kutib olish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2017 yilda Investisiya dasturi doirasida respublika bo`yicha 482 ta maktabda qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Shundan 12 tasi yangidan qurib foydalanishga topshirilgan bo`lsa, 319 tasi rekonstruksiya qilindi, 151 tasi kapital ta`mirlandi. Joriy yilda jami 878 ta umumta`lim maktablari umumiy qiymati 64,1 mlrd.so`mlik mebel, o`quv-laboratoriya asbob-uskunalari, sport inventarlari va maishiy texnikalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Yangi o`quv yilida o`quvchilarni darslik va o`quv-metodik qo`llanmalar bilan ta`minlash masalasiga ham jiddiy e`tibor qaratildi. Yangidan ishlab chiqilgan davlat ta`lim standartlari asosida poligrafik va dizayn jihatidan zamonaviy talablarga javob beradigan umumta`lim maktablarining 1-, 4-, 6-, 7-, 10-sinflari o`quvchilari uchun 43,9 mln. nusxa darslik va o`quv-metodik qo`llanmalar chop etilib, ta`lim muassasalariga etkazildi.
Hozirda 10-11-sinflar uchun 12 ta fan o`qitilishi nazarda tutilgan o`quv reja va dasturlari ishlab chiqilib, ular asosida 18 nomdagi darsliklar yaratildi. Mazkur darsliklarni yaratish jarayoniga tajribali o`qituvchilar, pedagog-olimlar va metodistlar keng jalb etildi. Hozirda 10-sinf o`quvchilari uchun 9 mln. nusxa darsliklar chop etildi.
Shuningdek, axborot-resurs markazlari va umumta`lim maktablari kutubxonalarini boyitish maqsadida 28 nomdagi jami 1,2 mln nusxa lotin grafikasi asosida yaratilgan o`zbek va chet el yozuvchilarining badiiy adabiyotlari axborot-resurs markazlari va umumta`lim maktablari kutubxonalariga etkazib berildi.
Ta`lim muassasalarini malakali pedagog kadrlar bilan ta`minlash masalasi yangi o`quv yiliga tayyorgarlik ko`rishning asosiy vazifalaridan biridir. Xususan, tizimda 389 740 nafar o`qituvchi va murabbiylar faoliyat ko`rsatmoqda. 2017-2018 o`quv yilida 10-sinflar joriy etilishi munosabati bilan o`qituvchilariga bo`lgan qo`shimcha 22 ming stavka ehtiyoj oliy ta`lim muassasalarini bitirgan yosh mutaxassislarni ishga qabul qilish va o`rta maxsus ta`lim muassasalari o`qituvchilarini ishga qabul qilish hamda o`qituvchilar dars yuklamasini oshirish hisobidan qoplandi.






