O`zbekistondagi uyali aloqa operatorlari va internet-provayderlar 5 sentyabrdan o`z xizmatlarini so`mda narxlashga o`tadi. Narxlar dollarning so`mga nisbatan eski kursi bo`yicha o`rnatiladi. Bu haqda telekommunikasiya kompaniyalaridagi axborot manbalari xabar qildi, deb yozadi Gazeta.uz
Yangicha tarifikasiyaga o`tish Prezidentning 2 sentyabrdagi «Valyuta siyosatini erkinlashtirish bo`yicha dastlabki choralar to`g`risida»gi Farmoni e`lon qilinishi bilan asoslanmoqda. Ushbu farmonga ko`ra, O`zbekistonda tovarlar, ishlash va xizmatlar uchun narx va tariflar faqatgina milliy valyutada belgilanishi qayd etilgan edi.
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligida 4 sentyabr kuni operator va provayderlar ishtirokida bo`lib o`tgan yig`ilishda AQSh dollarida ko`rsatilgan tariflarni hisoblashda Markaziy bank tomonidan 29 avgustda bir dollar uchun 4210,35 so`m etib belgilangan dollarning so`mga nisbatan kursi asos qilib olinadi.
Mavjud ma`lumotlarga qaraganda, xuddi shunday qaror narx va tariflar dollarda belgilangan barcha kompaniyalar, jumladan «O`zbekiston havo yo`llari» va General Motors Uzbekistan QK tomonidan ham qabul qilinishi lozim.
Bu narxlarning keskin oshib ketmasligi va valyuta siyosatini erkinlashtirish oqibatlarini engillashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.