O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Prezident Almazbek Atamboevning taklifiga binoan 2017 yil 5-6 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan Qirg`iziston Respublikasida bo`ladi.
Oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chog`ida O`zbekiston va Qirg`iziston Prezidentlari o`zaro munosabatlarni rivojlantirishning asosiy masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, mamlakatlarimizning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qiladilar.
Muzokaralar yakunlari bo`yicha ikki davlat rahbarlarining Qo`shma bayonoti, O`zbekiston-Qirg`iziston davlat chegarasi haqidagi shartnoma, mamlakatlarimiz o`rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.






