Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining operasion majmualari havoni 99,9 foizgacha steril holatga keltirish tizimi bilan ta`minlandi. Bunday tizim yurtimiz tibbiyotida birinchi marta qo`llanilmoqda.
Tibbiyot shunday sohaki, unga yoshi, jinsi, kasbi-koridan qat`i nazar, aholining barcha qatlami murojaat etadi. Bu katta mas`uliyat va javobgarlikdir. Shu bois, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tibbiyot sohasini rivojlantirishga doimiy e`tibor qaratib kelmoqda. Qisqa vaqt ichida davlatimiz rahbari tomonidan sog`liqni saqlash tizimi holati va uning rivojlanish istiqbollari yuzasidan to`rt marta yig`ilish o`tkazilgani ham buning yaqqol isbotidir. Ushbu yig`ilishlarning har birida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni rivojlantirish, bu yo`nalishga zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirish va davolashning eng ilg`or usullarini amaliyotga tatbiq etish masalas ham muhokama qilinib, unga echim izlandi.
Joriy yilning 20 iyunida Prezidentimizning “O`zbekiston Respublikasi aholisiga 2017 — 2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingani esa bu boradagi vazifalarni bajarishda muhim asos bo`lmoqda.
Ushbu qaror doirasida hamda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning bevosita tashabbusi bilan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining barcha operasion majmualari Evropa standartlari talablari asosida qaytadan rekonstruksiya qilindi. Bu ezgu maqsad uchun davlat byudjetidan 12 milliard so`m mablag` ajratildi.
— Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni rivojlantirish, bu yo`nalishga zamonaviy texnika va texnologiyalarni olib kirish va davolashning eng ilg`or usullarini amaliyotga tatbiq etish zamonaviy tibbiyot oldida turgan dolzarb masalalardan biri, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi direktor o`rinbosari Mirjamol Zufarov. — Mana shu maqsadda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan xirurgiya markazimiz Fransiya va Italiyada ishlab chiqarilgan ventilasiya va kondisionerlash kabi jarayonlarni dunyo standartlari talablari darajasida boshqaruvchi texnikalar hamda murakkab operasiyalarni o`tkazish uchun zarur bo`lgan uskunalar bilan jihozlandi. To`g`risini aytganda, markazda juda katta ish amalga oshirildi. Uning ko`lamini yaxshiroq anglash uchun birgina misol keltiraman: markazimizda yiliga 8 mingga yaqin yuqori texnologik, murakkab va miniinvaziv operasiyalar bajariladi.
Bugungi kunda yurak va qon tomirlarida sun`iy qon aylanish sharoitida bajariladigan ochiq operasiyalar, ayniqsa yangi tug`ilgan chaqaloqlarda tug`ma nuqsonlarni davolash kabi o`ta murakkab operasiyalar o`tkazilmoqda. Operasiyalarnining muvaffaqiyatli chiqishida sharoit katta rol o`ynaydi. Bugun o`rnatib berilgan ventilasiya, kondisionerlash tizimi yordamida operasiya xonasiga uzatiladigan havo uch bosqichli jarayonda tozalanadi. Uchinchi tozalashdan keyin havo 99,9 foizgacha steril holatda bo`ladi. Bunday sharoitda jarrohlik amaliyotini o`tkazish uning muvaffaqiyatli chiqishini ta`minlab, ko`plab asoratlarning oldini olish imkoni yaratmoqda. Bugun butun marakazimiz ushbu texnikani katta quvonch bilan kutib olgani sababi ham shunda.
2012 yilda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida zamonaviy kardioxirurgiya majmuasi qurib, foydalanishga topshirilgan edi. To`rt qavatli mazkur majmua kardoxirurgiya yo`nalishida foydalanadigan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta`minlangan. Majmuaning birinchi qavatida kuniga ikki yuz nafar bemorni tibbiy ko`rikdan o`tkazishga mo`ljallangan poliklinika, qon quyish stansiyasi, stasionar sharoitda davolanadigan bemorlarni qabul qilish xonasi, ikkinchi qavatida yangi tug`ilgan chaqaloqlardan uch yoshgacha bo`lgan bolalarning tug`ma yurak nuqsonlarini davolash bo`limi hamda angiografik jarrohlik xonalari mavjud. Muassasaning uchinchi qavatida kardioxirurgiya bo`limining palata, gemodializ va transplantasiya bo`limlari, klinik-diagnostika laboratoriyasi hamda diagnostika xonalari joylashgan. To`rtinchi qavatda esa reanimasiya bo`limi va kardiojarrohlik xonalari mavjud.
Markaz xodimlarining ma`lum qilishicha, kelajakda odam a`zolari transplantasiyasiga oid qonun kuchga kirsa, markaz jigar, buyrak, o`pka va yurak transplantasiyasini o`tkazishga tayyor.
Prezidentimiz tashabbusi va bevosita ko`rsatmalari bilan olib borilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatish sifatini tubdan yaxshilashga qaratilgan tizimli islohotlar bugun o`zining ilk mevalarini bermoqda. Ya`ni bu tizim operasiyadan keyingi asoratlarning oldini olish hisobiga bemorlarning hayot sifatini yaxshilash va umrini uzaytirishga, fuqarolarimizning shifo istab uzoq xorij davlatlariga safar qilishi kabi holatlarga barham berishga xizmat qilishi shubhasiz.
Kelajakda yurtimizdagi boshqa davolash muassalariga ham ushbu tizim joriy etilishi ko`zda tutilgan. Ayni paytda ularning qurilish loyihalariga o`zgartirishlar kiritilmoqda, deya xabar beradi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati.






