O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rafiqasi bilan Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev taklifiga binoan 5 sentyabr kuni davlat tashrifi bilan Bishkek shahriga keldi.
«Manas» xalqaro aeroportida rasmiy kutib olish marosimi bo`ldi. Davlatimiz rahbarini Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev kutib oldi. Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston va Qirg`iziston davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o`tdilar.
Oliy darajadagi muzokaralarda O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida o`zaro munosabatlarni rivojlantirishning asosiy masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, mamlakatlarimizning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni muhokama qilinishi kutilmoqda.
Muzokaralar yakunlari bo`yicha ikki davlat rahbarlarining Qo`shma bayonoti, O`zbekiston-Qirg`iziston davlat chegarasi haqidagi shartnoma, mamlakatlarimiz o`rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan boshqa qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.






