O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboevning taklifiga binoan 5 sentyabr kuni davlat tashrifi bilan Bishkekga jo`nab ketgani haqida avval xabar bergandik.
Bugun, 6 sentyabr kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning Qirg`iziston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.
Almazbek Atamboev «Manas» xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoevni Vataniga kuzatvordi. Marosimda ikki davlatning rasmiy delegasiyalari qatnashdi.
Tashrif davomida Prezidentimiz Qirg`iziston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul va O`zbekiston delegasiyasiga ko`rsatilgan yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoev va Almazbek Atamboev ikkitomonlama muzokaralar yakunida O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasi o`rtasida Qo`shma bayonot va O`zbekiston – Qirg`iziston davlat chegarasi to`g`risida shartnomani imzoladilar. Andijon va O`sh, Toshkent va Bishkek shaharlari o`rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to`g`risida, ikki davlat Savdo-sanoat palatalari o`rtasida hamkorlik to`g`risida, Soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalari bo`yicha hamkorlik va o`zaro yordam to`g`risida, Mintaqalararo hamkorlik to`g`risida hukumatlararo, ilmiy-texnikaviy hamkorlik, Oliy ta`lim sohasidagi hamkorlik to`g`risida bitimlar, Chegaradosh mintaqalar o`rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo`yicha 2017-2019 yillarga mo`ljallangan qo`shma tadbirlar rejasi, Parlamentlararo hamkorlik to`g`risidagi memorandum va boshqa muhim hujjatlar imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoev va Almazbek Atamboev muzokaralar o`zaro hurmat, ishonch va amaliy ruhda o`tganini, erishilgan tarixiy kelishuvlar O`zbekiston Qirg`iziston hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko`tarishini ta`kidladilar.