AsosiyJamiyat

ANDIJONDA «DO`STLIK» ChEGARA MAJMUASI OChILDI

'ANDIJONDA «DO`STLIK» ChEGARA MAJMUASI OChILDI'ning rasmi

Andijon viloyati Xo`jaobod tumanidagi “Do`stlik” chegara majmuasida O`zbekiston Respublikasi Andijon viloyati hamda Qirg`iziston Respublikasi O`sh viloyati vakillarining uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboevning taklifiga binoan 5-6 sentyabr kunlari ushbu mamlakatda davlat tashrifi bilan bo`ldi. Tashrif doirasida O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, mamlakatlarimizning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish kabi xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan qator kelishuvlarga erishildi.

Qirg`iziston Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan qirg`iz millatiga mansub yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik va yoshlar ishtirokida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.

O`zbekiston va Qirg`iziston Prezidentlari uchrashuvidan keyin tashkil etilgan mazkur tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, O`sh viloyati gubernatori T.Saribashev, O`sh shahri meri A.Qadimboev xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik rishtalari qadim tarixga ega bo`lib, Prezident Shavkat Mirziyoevning ushbu tashrifi ikki davlat o`rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, yaqin qo`shnichilik munosabatlarini yuqori bosqichga ko`tarishda yangi sahifa ochganini ta`kidladi.

Davlat rahbarlari uchrashuvida erishilgan kelishuvlar asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan, tili, dini va dili bir ikki qardosh xalqni behad quvontirdi.

Uchrashuv yakunida badiiy jamoalar, yosh san`atkorlar ishtirokida "Do`stligimiz abadiy bo`lsin!" deb nomlangan konsert dasturi namoyish etildi.

    Boshqa yangiliklar